Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Rossiya kelisha olmadi, G‘azoda ommaviy to‘y - hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 7 dekabr, yakshanba. Ertaga bayram, bundan 33 yil avval O‘zbekiston konstitutsiyasi qabul qilingan. Aksar o‘zbekistonliklar uchun 8 dekabr shunchaki dam olish kuni, agar bu kun dushanbaga to‘g‘ri kelib qolsa, yana yaxshi — ketma-ket uch kun dam olish kuni. Maktablarda, oliygohlarda nomiga tadbir o‘tkaziladi, bo‘ldi, shu bilan konstitutsiya degan so‘z keyingi yil 8 dekabrgacha unutiladi...
Jamiyat qonunga qanday munosabatda bo‘lsa, xuddi shunday javob oladi. Bilaman, hozir ko‘pchiligingiz «Qonun ishlaydimi o‘zi?», deyapsiz. Ishlaydi, amal qilsa, doim ishlaydi. Endi «Faloncha, pistonchilar amal qilmayapti-ku» deyapsiz, lekin biz fuqarolik jamiyati qurmoqchi bo‘lsak, qonunga avvalo o‘zimiz amal qilishimiz kerak.
Inson jamiyatni nazorat qiladigan qonundan yaxshiroq hech nima o‘ylab topmagan. Dunyoda ming xil odam bor, hammaning dunyoqarashi, qadriyatlari har qanaqa. Xilma-xil insonlar bir jamiyatda muammosiz yashashini ta’minlaydigan qadriyat bu — qonun.
Qonun haqida doim o‘ylash kerak: kamerasiz svetoforda qizilga o‘tayotganda, «elektroset»dagi tanish orqali o‘g‘rincha liniya tortib yoqayotganda, o‘ziga tinch bo‘laturib tanishi orqali hujjat qilib kambag‘allarga beriladigan bola pulini olayotganda, asfalt uchun ajratilgan pulni «tuya qilayotganda». Qachon oxirgi marta qilayotgan ishim qonunga xilof emasmikin deb o‘ylab ko‘rdingiz? Ha, azizlar, jamiyat o‘zgarishi uchun avvalo o‘zimiz o‘zgarishimiz kerak. Bayram muborak, qonunlarimiz chinakamiga ishlasin, hamma uchun ishlasin, hamma lavozimdagilar uchun ishlasin. Biz odatdagidek haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Qur’a: O‘zbekiston «hayot guruhi»da
Juma kuni tunda 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chemoionati guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Futbolga qiziqmaydiganlar uchun qisqacha ma’lumot: keyingi yil jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladi. Bu gal ilk marta mundialda 32 ta emas, 48 ta jamoa qatnashadi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Vashingtonda o‘tgan marosimda hozirgacha yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jamoalar bo‘lajak raqiblarini bilib oldi.
O‘zbekiston «K» guruhidan o‘rin oldi. Bizning raqiblarimiz Portugaliya va Kolumbiya. Kongo, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya (kim saralashdan o‘tsa) davlatlaridan biri guruhdagi to‘rtinchi jamoa bo‘ladi. O‘zbekiston musobaqani Krishtianu Ronaldu boshchilik Portugaliyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
Yangi formatga ko‘ra, 12 ta guruhdagi ikkitadan jamoa pley-offga chiqadi. Shuningdek, uchinchi o‘rindagilar orasida eng yaxshi sakkiztasi ham 1/16 finalga chiqadi. Shunday ekan, O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatlari yomon emas deb o‘ylayman. Futbolda «o‘lim guruhi» degan tushuncha bor. Bunday guruhlarda ikkitadan ortiq teng kuchli jamoalar bo‘ladi. Bu borada O‘zbekiston «hayot guruhi»ga tushdi desak bo‘ladi.
Qur’a tashlash marosimining bosh tashkilotchisi FIFA rahbari lavozimiga aynan qur’achilikdan yetib kelgan Janni Infantino bo‘ldi. Shveytsariyalik funksioner bunaqa ishlarni boplaydi. Marosimga AQSh prezidenti Donald Tramp ham taklif qilindi. Infantino Trampga ham qur’a to‘pchasini ochtirdi. Tramp ramziy ma’noda mezbon AQSh nomi yozilgan sharchani ochib berdi.
Infantino Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini ololmaganidan xafa bo‘lib yurgan Trampga FIFAning Tinchlik sovrinini topshirdi. Bu sovrin aynan Trampga berish uchun Infantino tomonidan bir oy avval o‘ylab topilgan. O‘sha gap, Infantino bunaqa ishlarni boplaydi.
Amerika tomoni musobaqa yuqori saviyada o‘tishiga va’da bermoqda, Infantino mezbonlarni xursand qilish uchun bu tarixdagi eng zo‘r mundial bo‘lishini aytdi. Lekin Amerika Qatardagi mundialdan o‘tkazib nimadir qila olmasligini Infantino ham yaxshi biladi. Qatar katta ehtimol tashkilotchilik bo‘yicha takrorlash qiyin bo‘lgan mundialni o‘tkazib bo‘ldi. Endi faqat Saudiya ulardan o‘tkazib nimadir qilishi mumkin.
Amerika mundiali eng yaxshi bo‘lmasligining birinchi sababi — muxlislar uchun viza tizimi. Bu davlat hammaga viza bermaydi, ko‘pchilik mundialga borolmaydi. Muxlislarsiz futbol esa qiziq emas. Lekin bu mundial O‘zbekiston uchun eng yaxshisi bo‘lishi aniq. Chunki bu biz uchun birinchi jahon chempionati, hamma narsaning birinchisi zo‘r.
AQSh va Rossiya kelisha olmadi, hozircha
Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va kuyovi Jared Kushner Moskvada Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashdi. Amerika delegatsiyasi bu uchrashuvga katta ehtimol Kiyev va Vashington imzolashga rozi bo‘lgan «tinchlik kelishuvi» bilan borgan. Lekin Putin kelishuvni rad etgan. Ochiqchasiga emas, o‘z uslubida, mujmal javob bilan.
Tramp Kiyev bu kelishuvni 27 noyabr — Shukronalik kunigacha imzolashini talab qilgandi. Ukrainlar kelishuv ustida Amerika bilan ishlab, unga rozi bo‘ldi ham. Lekin kutilganidek Moskva rozi bo‘lmadi. Shundan buyon «Tramp tinchlik rejasi» borasida muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek. Aftidan, bu reja ham Trampning boshqa rejalari kabi tarixga uloqtirildi.
AQSh strategiyani o‘zgartirdi
Hafta davomida AQSh o‘z milliy xavfsizlik strategiyasini yangiladi. Hujjatda Vashington iqtisod, qurollanish, texnologiyalar, G‘arbiy yarimshar va Yaqin Sharq siyosatini belgilashda shubhasiz yetakchi ekani qayd etilgan. Shuningdek, Vashington Yevropa va Rossiya munosabatlarini o‘zgartirishda ishtirok etishi belgilangan. Eng asosiy o‘zgarish — AQSh Yevropadagi ittifoqchilariga harbiy yordamni kamaytiradi. Vashington yevropaliklar o‘z xavfsizligi haqida o‘zi bosh qotirishi kerak degan xulosaga kelgan. Shuningdek, Amerika yangi strategiyasida kuchsiz tomonni qo‘llash siyosatidan voz kechishi belgilab qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Tramp ma’muriyati ittifoqchilariga aniq qilib «AQSh siz uchun turib bermaydi, o‘zingizni o‘zingiz himoya qiling», demoqda.
Sobyanin ruslarni ko‘cha supurishga chaqirdi
Rossiyada mehnat muhojirlariga munosabat qanday ekanini bilasiz. Urush davrida bu munosabat ayniqsa agressivlashdi. Krokus teraktidan keyin markaziy osiyolik migrantlar Rossiyada eng xushlanmaydigan odamlarga aylandi. Emishki, ruslar go‘yoki malakasi past va til bilmaydigan migrantlar tomonidan zo‘ravonlik jinoyatlari ko‘payganidan noliyotgan ekan. Moskva meri Sobyanindan bu haqda munosabat so‘rashdi. Migrantlarsiz kuni o‘tmasligini juda yaxshi biladigan chinovnik original tarzda javob berdi.
«Ishtiyoqingiz bo‘lsa, oliy ma’lumotli diplom va doktorlik dissertatsiyangiz bilan Moskva ko‘chalarini supurishga boring. Bunday qilmaysiz, xo‘sh, bu ishni kim qilishi kerak? Biz moskvaliklar o‘rnini egallaydigan oliy ma’lumotli migrantlar jalb qilaylik, moskvaliklar ko‘cha tozalashga chiqsinmi? Bunda mantiq ko‘rmayapman», dedi Moskva hokimi.
Albatta, tovarish Sobyanin migrantlar faqat ko‘cha tozalash uchun kerak degan gapi odamga og‘ir botadi, lekin kimsan Moskva meri oliy ma’lumotli rossiyaliklarni ko‘cha tozalashga chorlagani original qaror.
Putinga noqulay savol berishdi
Hafta davomida Rossiya prezidenti Putin ikki hindistonlik jurnalist ayolga intervyu berdi. Urush olib borayotgan, darvoqe, oxirgi vaqtlarda «SVO»ni borgan sari ko‘proq urush deb atayotgan Vladimir Putin ikki sari kiygan hind ayolga intervyu berishi qiziq bo‘larkan.
Suhbatda hech qanday intriga yo‘q, bu shunchaki Putinning Hindistonga tashrifi arafasida olingan oddiy intervyu, lekin hind qizlar Putinga kutilmaganda noqulay savol berib qo‘yishdi. Ulardan biri «Rossiya Donbassda tinch aholining, xususan, rus tilida gaplashadigan, Kremlni qo‘llaydigan aholining uylarini buzayotganidan hayratga tushganini» aytgan. Putin bu savoldan hayron qolib, «Donbassdagi rus tilida gaplashadigan odamlar uyini Kiyev rejimi buzayotganini» aytdi. Bu hind qizning metodichkadan xabari bo‘lmagan ko‘rinadi.
G‘azoda ommaviy to‘y
Isroil kulini ko‘kka sovurgan Falastinning G‘azo bo‘lgasida katta to‘y bo‘ldi: Xon-Yunusdagi vayronalar orasida 54 juftlik oila qurdi. Aksar kelin-kuyovlar aza kayfiyatida edi, axir ularning ko‘pchiligi ota-onasi, yaqinlarini yo‘qotgan. Tabiiyki bu yoshlarning to‘y qiladigan holi yo‘q. Humanitar tashkilotlar to‘yga bosh-qosh bo‘ldi, kelin-kuyovlarga birlamchi ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qilindi. Bu to‘y g‘azoliklarning sabr-toqati va umidining ramziga aylandi.
Bu juda katta voqea, azizlar. Isroil HAMASga qarshi urush da’vosi bilan Falastinda butun boshli millat qirg‘iniga kirishdi. G‘azoda omon binoning o‘zi qolmadi, millionlab odamlar vayronalar orasida, hech qanday sharoitsiz, sovuqda jon saqlashga majbur bo‘ldi. Va shuncha azob-uqubatga qaramay bugun g‘azolik yosh yigitlar g‘azolik qizlarga uylanib, oila quryapti. Biz mag‘lub emasmiz, deyishyapti.
Bu yoshlarning farzandlari shubhasiz urush haqida hikoyalarni eshitib katta bo‘ladi. Ularga Yahyo, Muhammad, Ahmad, Ismoil deb ismlar qo‘yishadi. Va tarix yana takrorlanaveradi, toki bir tomon tarixiy xatosini tan olmaguncha. Yosir Arofat juda topib gapirgan: arab ayolining bachadoni har qanday quroldan kuchli. Omon bo‘ling, azizlar. Keyingi yakshanbagacha...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov