O‘zbekiston | 07:46 / 19.07.2022
11816
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarga imtiyozli ta’lim kreditlari ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi 

Foto: Kun.uz

Prezident “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Prezidentning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlar to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga davlat budjetidan mablag‘ ajratish yangi tizimi joriy etilgan.

Belgilanishicha:

  • tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
  • ta’lim krediti asosiy qismi talaba rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
  • ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi;
  • ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talaba doimiy daromad manbasiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklari so‘rovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada ta’lim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablag‘lari joylashtiriladi;
  • jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida jamg‘armaga 1 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligi umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

Mavzuga oid