O‘zbekiston | 17:17 / 03.10.2018
11554
2 daqiqa o‘qiladi

Kasb-hunar kollejlariga ikkinchi va undan keyingi ta'lim bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

Kasb-hunar kollejlariga 2018/2019 o‘quv yilida umumiy o‘rta ma'lumot (11-sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega shaxslarni to‘lov-shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi ta'limni olish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi. 

Qabul joriy yilning 1 oktabridan 25 oktabriga qadar davom etadi va 1 noyabrdan boshlab har bir kasb-hunar kollejida qabul qilingan kasblar bo‘yicha guruhlar shakllantirilib, o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.

O‘qish muddati 1 yil 8 oy. To‘lov-shartnoma miqdori tanlangan kasb (mutaxassislik)lar bo‘yicha belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston  Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmalarida o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha doimiy ishlovchi kamida 5 nafardan iborat shtab tashkil qilingan hamda fuqarolarni murojaat qilishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, Markaz apparati xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari va xodimlari, hamda barcha ta'lim muassasalari rahbarlari va xodimlari O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga so‘zsiz rioya qilishlari, korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va boshqa normativ huquqiy hujjatlarga asosan muqarrar javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida qat'iy ogohlantirilgan.

Mavzuga oid