Iqtisodiyot | 20:58 / 04.11.2022
74253
4 daqiqa o‘qiladi

“Barcha xarajatlarimizni qisqartirishimiz kerak” - Ishmetov O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda ekanini aytdi

Global beqarorlik sababli jahonda qarz olish qimmatlashib, O‘zbekistonning moliyaviy buferi cheklanib qoldi. Budjet defitsiti esa ortib boryapti. Moliya vazirining tushuntirishicha, hozirgi vaziyat asosiy e’tiborni inflatsiyaga qaratish, budjet xarajatlarini qisqartirish va xususiy mablag‘larni ko‘proq jalb qilishni taqozo etadi. “Agar islohotlarni kechiktirsak, iqtisodiy o‘sishni saqlab qolib bo‘lmaydi”, dedi u.

Foto: Moliya vazirligi

O‘zbekiston iqtisodiy forumida so‘zga chiqqan moliya vaziri Timur Ishmetov yaqin yillarda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda qaysi jihatga ko‘proq e’tibor qaratilishi, davom etayotgan global retsessiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Joriy yil boshida bizda iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Inqiroz boshlanganida esa juda ham yaxshi kutilmalar bera olmadik. 2020 yildan 2021 yilgacha davom etgan pandemiya davrida mavjud muammolarni hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘li strukturaviy islohotlarni davom ettirish ekanini anglab yetdik.

Bundan 3-4 yil oldin qarz olishga ko‘proq e’tibor qarata boshladik. Bizning qarzimiz katta emas edi, shu bilan birga yaxshi imkoniyatlar mavjud edi. Barcha hamkorlarimiz va investorlar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda va yangi qiyinchiliklar bilan yuzlashyapmiz. Global retsessiya fonida kredit jalb qilish qimmatlashib, foiz stavkalari oshmoqda. Ya’ni moliyaviy buferimiz cheklandi”, dedi Ishmetov.

Moliya vazirining tushuntirishicha, hozirgi vaziyat budjet xarajatlaini qisqartirishni taqozo etyapti.

“Bu yil budjet defitsiti 4 foiz atrofida bo‘ladi. Keyingi yil uchun dilemma qarshisida turibmiz. Taqchillikni 3 foiz ko‘rsatkichda ushlab qolish oson bo‘lmaydi – bosim juda katta. Hozir inflatsiyani ushlab turish biz uchun asosiy masala bo‘lishi kerak. Aks holda infratuzilmani davlat budjetidan moliyalashtira olmay qolamiz. Barcha xarajatlarimizni kamaytirishimiz kerak”, – dedi u.

Timur Ishmetovga ko‘ra, O‘zbekiston asosiy e’tiborini xususiy pul mablag‘laridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi tarkibiy islohotlarga qaratishi lozim.

“Investitsiya oqimining o‘zgarishi va mintaqaviy inqiroz tufayli islohotlarni amalga oshirish murakkablashdi, bu ijobiy jarayon emas, albatta. Shunday sharoitda ham, xususiy investorlarning mamlakatga kelishi va jarayonlarda qatnashishi uchun islohotlarni amalga oshirishdan to‘xtamasligimiz kerak.

Jahon banki va OTB tahlillariga ko‘ra, biz ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz shart. Xususan, davlat sektori va xususiy sektor uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishimiz, ayrim tarmoqlarda narxlarni liberallashtirishimiz kerak. Juda ham yaxshi boshlangan xususiylashtirish dasturimizni, xuddi shunday yakunlashimiz lozim”, dedi vazir.

Moliya vazirligi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, islohotlarni o‘tkazish to‘xtatilsa yoki kechiktirilsa, iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning imkoniyati bo‘lmaydi.

“Islohotlarni davom ettirsak, joriy yilda 5 foiz va undan yuqoriroq iqtisodiy o‘sishni saqlab qolamiz. Ammo asosiy e’tiborni 2024-2025 yillarga qaratishimiz zarur. Islohotlarni davom ettirsakkina, iqtisodiy o‘sishni ham saqlab qolamiz. Agar bu ishni kechiktirsak yoki orqaga sursak, keyingi ikkinchi yoki uchinchi yildan iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning imkoniyati bo‘lmaydi.

Balki, turli mamlakatlardagi holat turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo biz iqtisodiyotning xususiy mablag‘larga tayanishini ta’minlaydigan reformalarni davom ettirishimiz shart. Bu e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan yagona yo‘l”, dedi Timur Ishmetov.

Mavzuga oid