O‘zbekiston | 11:10 / 11.08.2018
30188
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda birdaniga ikkita institutga kirmoqchi bo‘lgan «abituriyent» qo‘lga tushdi

Bu yil Andijondagi to‘rtta oliy ta'lim muassasasiga 47 ming 760 nafar abituriyent hujjat topshirgan. 1 avgust sanasidan Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internati manejida test sinovlari jarayoni boshlandi.

Test sinovlari 12 kun davomida ikki smenada tashkil etilib, bir smenada 2 ming 40 nafardan abituriyent ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

10 avgust kuni Andijon mashinasozlik institutining «Yer usti transport tizimlari» yo‘nalishiga test sinovlari o‘tkazildi.

Test jarayoniga jami 3973 nafar abituriyent qatnashishi kerak bo‘lsa, shundan 123 nafari sababsiz kelmagan 15 nafari aniq sabablarga ko‘ra test sinovlaridan chetlatilgan. Test sinovlarida 3835 nafar abituriyent ishtirok etgan.

Bugungi bo‘lib o‘tgan jarayonda ham abituriyentlar tomonidan taqiqlangan adabiyot, «shpargalka» va texnik vositalarni auditoriyaga olib kirishga urinish holatlari kuzatildi.

Kun davomida turli ayyorliklardan foydalanmoqchi bo‘lgan yana bir «zukko abituriyent»ning «ijodkor»ligi fosh bo‘ldi. Izboskan tumanida yashovchi  Yu.E birdaniga ikki oliygohning test sinovlaridan o‘tishga harakat qilgan.

«U kecha, 9 avgust kuni Toshkent Agrar institutiga test sinovlari topshirgach, 10 avgust kuni yuz qiyofasi o‘ziga o‘xshash bo‘lgan Bo‘z tumanidan bo‘lgan A.A o‘rniga Andijon mashinasozlik instituti imtihoniga kirishga uringan», deya «Kun.uz»ga xabar beradi Andijon viloyat IIB matbuot xizmati.  

Andijon shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari 1- nazorat postidan o‘tish paytida shubhali harakatlarini kuzatib, jiddiy tekshiruvdan o‘tkazganlarida abituriyentning siri fosh bo‘lgan. Tanishi institutga kirishi uchun bilimi bilan «ko‘mak» bermoqchi bo‘lgan «zukko abituriyent» endi o‘z qilmishiga tergovga qadar tekshiruv harakatlarida javob bermoqda.

Mavzuga oid