Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qurilishda ekotalablar, “Ichan qal’a”da elektrokar taqiqi va ustamasi oshadigan soliqchilar: 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2026 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.
Foto: Kun.uz
Soliqchilarga to‘lanadigan ustamalar oshiriladi
2026 yil 1 iyundan soliq xizmati xodimlariga ko‘p yil ishlaganlik uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori oshiriladi. Bu haqda 19 may kuni imzolangan prezident farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan boshlab, ustama miqdori quyidagicha bo‘ladi:
- ish staji 1 yildan 3 yilgacha bo‘lganda, 30 foiz;
- ish staji 3 yildan 5 yilgacha bo‘lganda, 60 foiz;
- ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganda, 80 foiz;
- ish staji 10 yildan 15 yilgacha bo‘lganda, 100 foiz;
- ish staji 15 yildan 20 yilgacha bo‘lganda, 120 foiz;
- ish staji 20 yildan oshganda, 150 foiz.
Bundan tashqari, xalqaro malaka darajalari yoki sertifikatlariga ega barcha darajadagi soliq xizmati xodimlariga har oylik ish haqiga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
1 iyundan soliqlarni to‘lash muddatini buzganlik uchun penyalar, shu jumladan, davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qo‘shimcha undirilgan summalar bo‘yicha penyalar hamda soliq qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llangan moliyaviy jazo choralari summalarining Soliq qo‘mitasi maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan qismi 40 foiz deb belgilanmoqda.
Ugom daryosi – davlat gidrologik tabiat yodgorligi
2026 yil 4 may kuni davlat rahbarining “Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi va biologik xilma-xilligini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilindi.
2026 yil 1 iyundan daryoning sohil bo‘yi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizim va ekologik muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday qurilish, yer ishlari va sun’iy inshootlarni barpo etish qat’iyan man etiladi.
Bunda:
- daryo havzasi va uning irmoqlari doirasida gidrotexnik, gidromeliorativ ishlar, bino va inshootlar, gidroenergetika, suvni tartibga solish va derivatsiya inshootlarini qurish to‘liq taqiqlanadi (faoliyat yuritayotgan gidroenergetika obektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno);
- daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ugom daryosining sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obektlarning atrof-muhitga salbiy ta’siri va ekologik talablarga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan Hukumat komissiyasi tarkibi tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.
Quruvchilarga yangi ekologik majburiyatlar yuklandi
“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida qurilish obektlarida ekologik talablar kuchaytirilmoqda. Bu prezidentning tegishli farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga asosan, 2026 yil 1 iyundan boshlab qurilish obektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno):
- fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
- onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish hamda bu kameralarni Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish.
- huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish;
- loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish;
- yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik tartibi joriy etiladi.
Farmonga asosan, bundan buyon ekologik va qurilish ekspertiza xulosalari olinishida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olish majburiy hisoblanadi. Hududlarning bosh rejalari loyihalarida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olgan holda “shamol yo‘laklari” tasdiqlanadi.
Hujjatga binoan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan daryo va soylar o‘zanini tozalash jarayonida yoki noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish natijasida buzilgan suv fondi yerlarini tiklash (reabilitatsiya, rekultivatsiya va ko‘kalamzorlashtirish ishlari) qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Elektr va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi
Hukumatning tegishli qarori bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 so‘mni tashkil etadi.
III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.
Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:
- oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
- 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
- 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:
- oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
- 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
- 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 ming 100 so‘m bo‘ladi.
Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.
Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 ming 750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 ming 100 so‘mdan hisoblanadi.
Shuningdek, yangi tariflar joriy etilishi munosabati bilan ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorlari ham oshiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, elektr energiyasi uchun bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha beriladigan kompensatsiya 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga hamda tabiiy gaz uchun isitish mavsumida bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha kompensatsiya 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga ko‘paytiriladi.
Boshqa mavsumlarda bazaviy me’yordan oshgan 150 kub metrga kompensatsiya 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga oshiriladi.
“Ichan qal’a”da elektrokarlar taqiqlanadi
Xorazmdagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida tarixiy muhitni saqlagan holda faoliyatini takomillashtirish, unda xavfsizlik va raqamli nazoratni tashkil etish hamda chipta tizimini modernizatsiya qilish choralari ko‘riladi. Bu 2026 yil 30 aprelda qabul qilingan “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 iyundan Turizm qo‘mitasi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilash va mumkin bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolarni joylashtirish orqali ularning hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi.
Qaror bilan “2026-2027 yillarda Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasining to‘rtta asosiy kirish-chiqish darvozalari orqali nazorat-o‘tkazish tizimini ta’minlash, shu jumladan, chipta nazorati hamda jamoat tartibini saqlash IIV huzuridagi Qo‘riqlash xizmatining safdor xodimlari bilan shartnoma asosida tashkil qilinadi. Shu munosabat bilan muzey-qo‘riqxonaning shtatlar jadvali qayta ko‘rib chiqiladi hamda ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida tijorat maqsadida foydalaniladigan elektrokarlar (baggilar) harakati taqiqlanadi.
Boshqa o‘zgarishlar
2026 yil 1 iyundan:
- qizilmiya o‘simligi genofondini saqlash va uni ko‘paytirish maqsadida tabiiy areallaridagi zaxirasi yetarli bo‘lgan o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida kamida 2 gektardan onalik plantatsiyalari tashkil etiladi;
- 2029 yil 1 yanvarga qadar xorijiy davlatlardan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni O‘zbekiston hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;
- avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish yuzasidan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki YHXXning mobil ilovasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
- ruhiy holati buzilgan shaxslarga vasiy yoki homiy sifatida tayinlangan shaxslarning vasiylik yoki homiylikdagi shaxslar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi «Inson» markazi tomonidan monitoring qilib boriladi;
- jismoniy shaxslarni maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlash xizmati faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi;
- Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli yoqilg‘ilaridan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi;
- Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni chegara bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasiga xalqaro tashish yo‘nalishi bo‘yicha berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, Soliq qo‘mitasi axborot dasturi orqali operatorlarga taqdim etiladigan ma’lumotga ko‘ra soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik summasi ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab o‘n kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi;
- davlat tashqi qarzi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining shakllantirilishidan boshlab yakuniy natijaga erishilguniga qadar barcha bosqichlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining «Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritiladi;
- tadbirkorlik sub’yektlariga bojxona bojini 120 kunga qadar kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
- qurilish chiqindilarini takroriy foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi;
- arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llanadigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Bunda barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritiladi va tizimda saqlanadi.
Mavzuga oid
15:41 / 28.04.2026
Qurilishda yangi talab, qog‘oz sarfiga cheklov va elektromobilni quvvatlashda subsidiya: 1 maydan nimalar o‘zgaradi?
08:33 / 27.03.2026
“5 kunlik”ka o‘tayotgan tibbiyotchilar va naqdsiz savdodagi yangi talablar: 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
14:22 / 26.02.2026
Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish rejasi, notariuslarga yangi vakolat va “mehrli oila” xizmati: 1 martdan nimalar o‘zgaradi?
19:57 / 30.01.2026