Jamiyat | 08:50 / 18.12.2025
3190
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent, Samarqand va Gulistonda 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Toshkent, Samarqand hamda Guliston shaharlarida 3 nafar advokat pul evaziga “masala hal qilish”ga urinishda qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlar hay’atida faoliyat yurituvchi, muqaddam sudlangan advokat 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan. Tergovga ko‘ra, u Mirobod tuman IIO FMB Tergov bo‘limi yurituvidagi Jinoyat kodeksining 131- va 135-moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish ayblanuvchisidan 135-moddani “olib tashlash” hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashda yordam berish evaziga jami 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rilayotgan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bo‘yicha ishda ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida “tanishlari orqali yordam berish” evaziga 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida qayd etilgan holatda esa advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi MChJ rahbaridan 450 mln so‘mlik dori vositalarini olib, pulini bermay yurgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib berishni va’da qilgani, bunda 1500 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingani bildirilgan.

Aytilishicha, hozirda uch nafar advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid