O‘zbekiston | 11:30 / 09.10.2024
4215
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Marburg virusi kirib kelishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda

Foto:depositphotos.com

Marburg virusi isitmasining oldini olish va uning ehtiyot choralarini kuchaytirish maqsadida dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan bir qatorda O‘zbekistonda ham davlat chegarasini kesib o‘tish joylarida faoliyat yuritayotgan Sanitariya nazorat punktlarining (SNP) hushyorligi oshirilgan. Bu haqda Sanepidqo‘mita xabar bermoqda.

Marburg isitmasi bilan kasallanishning oldini olish maqsadida quyidagi choralar ko‘rilmoqda:

  • Gemorragik isitma kasalligiga gumon qilingan bemorlarni o‘z vaqtida aniqlab, izolyatorlarga alohidalash;
  • gumon qilingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan tibbiyot xodimlari tomonidan standart ehtiyot choralarini ko‘rish, qo‘shimcha ravishda infeksiya yuqtirishi oldini olishga qaratilgan shaxsiy ximoya vositalaridan to‘liq foydalanish;
  • gumon qilingan bemorlarning qoniga tegmaslik, bemor ajratgan tana suyuqliklari, shuningdek ular bilan ifloslangan yuzalar bilan muloqotda bo‘lmaslik;
  • kasallikning etiologiyasi, klinikasi, laborator tashxisoti va kasallikning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;
  • kasallikni nazorat qilishda xavfsiz inʼeksiya usullarini qo‘llash, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, qayta ishlatilayotgan tibbiy asboblarni zararsizlantirish va chiqindilarini xavfsiz yo‘q qilish;
  • infeksiya bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish maqsadida aholi orasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish kabi choralari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

«Shu o‘rinda fuqarolarimizga jiddiy xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz», deyilgan xabarda.

Joriy yilning 29 sentabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrikaning Ruanda davlatida Marburg gemorragik isitmasi qayd etilganini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 28 sentabr holatiga Ruandaning 30 ta okrugining yettitasida, jami 26 ta tasdiqlangan holat ro‘yxatga olingan va shundan 6 ta holatda o‘lim qayd etilgan.

JSST ushbu epidemiya xavfini milliy darajada juda yuqori, mintaqaviy darajada yuqori va butun dunyo darajasida past deb baholamoqda.

Bundan oldinroq, Qozog‘istonda Marburg virusi tufayli aeroportlarda yo‘lovchilar haroratini o‘lchash boshlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid