O‘zbekiston | 22:06 / 21.04.2020
77330
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan uy olish uchun propiska so‘ralmaydi, ishdan bo‘shagan xodimning propiskasi «kuymaydi». Prezident farmoni imzolandi

Bundan buyon ishdan bo‘shatilgan xodimning propiskasi «kuyib ketmaydi» va Toshkentdan uy sotib olish uchun propiska talab qilinmaydi. Boshqa viloyatda yashovchi shaxslardan Toshkent shahridan uy olganda undiriladigan oshirilgan qiymatdagi davlat boji bekor qilinmoqda. Kun.uz’ manbasi xabar berishicha, prezident tomonidan 21 aprel kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha hujjat imzolandi.

Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, farmon bilan bir hafta muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga tegishli qonun loyihasini Oliy Majlisga taqdim qilish vazifasi yuklatilgan.

Qonun loyihasida propiska tizimida bir qator o‘zgarishlar ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, ilgari fuqaro davlat organidagi faoliyati davrida propiskaga kirgan, ishdan bo‘shatilganda yoki shartnomada belgilangan muddati yakuniga yetganda propiskadan chiqarib yuborilgan bo‘lsa, endi bunday bo‘lmaydi. Uning propiskasi saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, shu paytgacha er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashashi talab etilgan va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilgan bo‘lsa, qonunchilikka ushbu talabni bekor qiluvchi o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlisga taqdim etiladigan qonun loyihasida muqaddam Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolar ma'lum muddat boshqa hududda yashab, o‘zlari yashagan joyga qaytib kelganda, ular hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, parlamentga kiritiladigan qonun loyihasi tasdiqlangan taqdirda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid