Jamiyat | 10:49 / 15.07.2015
9769
2 daqiqa o‘qiladi

Naqibulloh Fayiq: Abdulrashid Do‘stum Tolibonga qarshi kurashish uchun Turkiya safaridan qaytib keldi

Afg‘onistonning Maymana shahri atrofidagi Pushtunkot va Yamoq qishloqlari Tolibon jangarilaridan tozalandi; ayni paytda boshqa aholijoylarni qaytarib olish uchun kurash ketmoqda. Bu haqda parlamentning o‘zbek millatvakili (deputati) doktor Naqibulloh Fayiq axborot berdi.
Bir necha oy mobaynida Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi asosan o‘zbeklar va turkmanlar yashaydigan tumanlari jangarilar qo‘lida qolgan edi. Afg‘oniston prezidentining o‘rinbosari general Abdulrashid Do‘stum bu borada vaziyatni o‘nglash uchun Mustaqil mudofaa loyihasini taklif qilgan edi. Ammo, mahalliy matbuotda yozilishicha, bu taklif e'tiborga olinmaganligi sababli Ramazon oyida yuqorida aytilgan hududlarda qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Naqibulloh Fayiqning aytishicha, Abdulrashid Do‘stum Turkiya safaridan qaytib kelishga majbur bo‘ldi va Faryob viloyatida Tolibonga qarshi harbiy amaliyotlarga shaxsan rahbarlik qildi.
Ilgari Abdulrashid Do‘stum o‘z chiqishlaridan birida “Tirik ekanman, O‘zbekistonga va Turkmanistonga Afg‘onistondan birorta terrorchi hamla qilmaydi va Afg‘onistondagi o‘zbek bilan turkmanni oyoqosti qilmaydi” deb ta'kidlagan edi.