Jahon | 12:10 / 21.10.2015
5132
2 daqiqa o‘qiladi

Asad Putin bilan Suriyada harbiy operatsiyani davom ettirish masalasini muhokama qildi

20 oktabr kuni Moskvaga tashrif buyurgan Suriya prezidenti Bashar Asad rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Unda ikki tomon Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasini davom ettirish masalasini muhokama qilishdi. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lumot berdi.

“Ekstremistik terrorchi guruhlarga qarshi kurash masalalari, Rossiya operatsiyasining davom ettirilishi va Suriya qurolli kuchlarining harakatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari. Prezident Suriyadagi vaziyat va istiqbolli rejalar haqida mufassal axborot oldi. Shuningdek, o‘zaro munosabatlarning turli jihatlari muhokama qilindi”, - dedi Peskov jurnalistlar bilan o‘tkazgan muloqotida.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentabrdan buyon Rossiya havo kosmik kuchlari Suriyada harbiy operatsiya o‘tkazib kelmoqda. Uning doirasida Rossiya aviaguruhi aniqlangan obektlarga aviazarbalar bermoqda, shuningdek, Suriya hukumat qo‘shinlarining yer usti tadbirlarini havodan qo‘llab-quvvatlamoqda. Yordam so‘rab Rossiyaga Suriyaning prezidenti Bashar Asad murojaat qilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish