Italiyalik baliqchi 120 kg og‘irlikdagi ulkan baliq tutib oldi
Italiyalik baliqchi Yuri Grisendi Po ko‘lida ulkan laqqa (som) baliq tutib oldi, deya xabar beradi The Daily Mail.
Manbaning yozishicha, ovchi ulkan baliqni Mantuya shahridan (Lombardiya viloyati ) uzoq bo‘lmagan hududda tutgan. Uning og‘irligi 265 ingliz funtiga teng. Bu taxminan 120 kilogramm degani.
38 yoshli erkakning aytishicha, u shu kunga qadar umrida bu qadar katta baliqqa duch kelmagan.
«Men 20 yildan ortiqroq vaqtdan buyon baliqchilik bilan shug‘ullanib kelaman, ammo shu kungacha bunaqa laqqani ko‘rmagandim. Shubhasiz, bu men shu kungacha tutgan eng katta baliq», — deya ta'kidlagan ovchi.
Laqqani suvdan olib chiqish uchun Grisendi bir soatdan ko‘proq vaqt sarflagan, deya aniqlik kiritadi The Mirror nashri.
«Albatta u yetarli darajada og‘ir edi. Uni suvdan chiqarib olish uchun ko‘p kuch va chidam kerak edi. Lekin u shunga arzirdi ham», — deya qo‘shimcha qiladi italiyalik baliqchi.
2014 yilda AQShning Luiziana shtatidagi Missisipi ko‘lidan 12 yoshli bolakay 51 kilogramm og‘irlikdagi laqqani tutib olgandi. Louson Boytning ota-onasi bergan ma'lumotga ko‘ra, o‘shanda ularning farzandi 2005 yilda ovchi Kit Dey tomonidan tutilgan 49,9 kilogrammlik laqqaning rekordini yangilagandi.
2013 yilning iyulida esa Belarus prezidenti Pripyat ko‘lidan (Gomel viloyati) uchta laqqa tutib olgani va ulardan biri 57 kilogramm kelishini aytgandi.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘ti joiz, laqqaning (som) uzunligi besh metrgacha yetishi mumkin. Bunday turdagi baliqlarning vazni taxminan 400 kilogrammgacha bo‘lishi mumkin.