Jahon | 19:42 / 25.12.2015
16001
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mudofaa vazirligi Georgiy tasmasidan voz kechishga chaqirdi

O‘zbekiston mudofaa vazirligi qoshidagi jamoat kengashi Ikkinchi jahon urushi yakunining 70 yilligi munosabati bilan Rossiyada, undan so‘ng esa qo‘shni davlatlarda urf bo‘la boshlagan Georgiy tasmalarining o‘rniga O‘zbekiston davlat bayrog‘i timsollantirilgan tasmalardan foydalanishni taklif qildi.

“Georgiy tasmalarini o‘z mashinalari antennalariga ilishadi. Bu qayerdan keldi? Bizga qanday aloqasi bor? Nega uning o‘rniga o‘z bayrog‘imizni ishlatmaymiz?”, - dedi kengash raisi Iqboljon Mirzaaliyev.

Uning fikriga ko‘ra, Georgiy tasmasining O‘zbekistonga hech qanday aloqasi yo‘q va odamlarga buni tushuntirish lozim.

Rossiya jurnalistlari va jamoatchilik faollari 2015 yil davomida Georgiy tasmasini harbiy shuhrat va g‘alaba timsoli o‘laroq targ‘ib qilib keldi. Ammo qo‘shni davlatlarda bu ramzga bo‘lgan munosabat turlicha. Unga rus millatchiligi hamda Rossiya Imperiyasining O‘rta Osiyodagi istilolari ramzi sifatida qaraydiganlar ham bor. Shu tufayli mazkur tasmaning qo‘llanilishi bahslarga sabab bo‘lmoqda.