Jahon | 08:05 / 02.01.2016
3533
2 daqiqa o‘qiladi

Islandiya prezidenti oltinchi muddatga qayta saylanmasligini ma'lum qildi

Islandiya prezidenti Oulavyur Ragnar Grimsson o‘z muhlati tugagach, mamlakat prezidentligi uchun 2016 yilning yozida o‘tkaziladigan saylovda ishtirok etishni rejalashtirmayotganini ma'lum qildi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatdi.

"4 yil oldin jiddiy chaqiriqlar bo‘lgani uchun men o‘z lavozimimda qolishga rozi bo‘lgandim. Endi bu mas'uliyatni boshqa bir insonning yelkasiga qo‘yish vaqti keldi degan", Grimsson.

Uning amaldagi prezidentlik muhlati 2016 yilning iyunida yakunlanadi. Grimsson 2012 yilning 1 iyunida beshinchi marta prezidentlikka saylangandi. Unga o‘shanda 37 yoshli jurnalist Tora Arnorsdottir raqiblik qilgan.

Grimsson ayni vaqtda 73 yoshda. U to‘rtinchi muhlatdan keyin ham lavozimini tark etishni istagan, lekin islandiyaliklardan 30 ming nafardan ortig‘i uning qolishini so‘rab imzo yig‘ishgandi.

Ma'lumot uchun, Islandiya qonunchiligiga ko‘ra, prezidentning necha marta saylovda qatnashishi bo‘yicha cheklov yo‘q. Saylov arafasida yagona siyosatchi prezidentlik uchun nomzod ko‘rsatsa, u ovoz berishlarsiz lavozimni egallashi mumkin.