Jahon | 11:16 / 04.01.2016
4483
2 daqiqa o‘qiladi

Eron: Saudiya diplomatik aloqalarni uzish bilan qatllarni xaspo‘shlay olmaydi

Eron TIV o‘rinbosari Husayn Amir Abdullohiyon Saudiya Arabistoni diplomatik aloqalarni uzish bilan “ulkan xatosi – an-Nimrning qatl etilishi”ni berkita olmaydi, deb hisoblamoqda. Uning so‘zlarini Reuters agentligi keltirdi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Saudiya Arabistoni IIV 47 kishiga nisbatan o‘lim jazosining ijro etilgani borasida bayonot tarqatdi. Qatl qilinganlar sirasida shia ilohiyotchisi Nimron an-Nimr ham bor edi. Bu Eron va Saudiya o‘rtasidagi janjalni keltirib chiqardi.

3 yanvar kuni eronliklar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi binosi oldida norozilik namoyishlari o‘tkazishdi. Ular binoni ostin-ustun qilib, yong‘in keltirib chiqarishdi. Politsiya 40 kishini hibsga oldi.

Shu voqeadan so‘ng Riyod Tehron bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatishga qaror qildi. Ayni paytda Abdullohiyon saudiyalik diplomatlardan hech kimga zarar yetmaganini, Eron diplomatlar uchun mintaqadagi eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligini ta'kidlab o‘tdi.