Jahon | 21:10 / 06.01.2016
13178
2 daqiqa o‘qiladi

CSM: Eron va Saudiyaning to‘qnashuvi AQSh uchun og‘ir zarba bo‘ladi

AQSh Yaqin Sharq siyosatini susaytirib, mintaqadan chiqib ketishni rejalashtirayotgan pallada bu yerda yuzaga kelayotgan yetakchilik vakuumini to‘ldirish uchun Eron va Saudiya Arabistoni kurash boshlab yubordi. Bu haqda Christian Science Monitor nashri yozmoqda.

Gazeta saudiyalik shia ilohiyotchisi Nimr an-Nimrning qatl qilinishi tufayli ikki tomon murosasiz bahslarga kirishib ketganini eslatib o‘tdi.

Nashr bilan suhbat qurgan siyosatshunos Saymon Xendersonning fikricha, AQSh prezidentining ikki asosiy tashqi siyosiy maqsadi bo‘lmish Suriya inqirozini bartaraf qilish va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv implementatsiyasiga Riyod va Tehron o‘rtasidagi ixtilof tufayli jiddiy zarba berilishi mumkin.

"Obama ma'muriyati har doim mintaqaviy siyosatdagi ishtirokini kamaytirib, o‘z diqqatini boshqa yerga yo‘naltirishni mo‘ljal qilib kelgan edi, ammo bu yondashuv aks natija berdi: ikki geosiyosiy raqib o‘rtasidagi keskinlikning ortishi AQSh manfaatlariga jiddiy zarar keltirmoqda ", — xulosa qildi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishi, Eron bilan kelishuv ijrosi uchun AQSh Tehronda Saudiya elchixonasiga uyushtirilgan hujumni “ko‘rmay” qolishi mumkin, mana shu holat Riyodning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, mintaqada Eronning roli oshishi demakdir, bu holatda Saudiya AQShga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va mustaqil harakat qila boshlaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish