Jahon | 10:40 / 07.01.2016
4332
2 daqiqa o‘qiladi

Oculus Rift virtual reallik ko‘zoynaklari kutilganidan ikki barobar qimmatroq ekanligi ma'lum bo‘ldi

Facebook kompaniyasiga tegishli Oculus VR kompaniyasi Oculus Rift virtual reallik ko‘zoynaklarining hammabop versiyasi uchun buyurtma olishni boshladi, deb yozmoqda Los Angeles Times nashri. Tizim ko‘zoynak, boshqaruv pulti, garnitura va Xbox One uchun kontrollyorni o‘z ichiga olgan.

Ta'kidlanishicha, ko‘zoynak uchun belgilangan 599 dollarlik narx kutilganidan ikki barobar qimmatroq bo‘lib chiqdi. Buyurtma qilingan ko‘zoynaklar mart oyidan keyin yetkazib berila boshlanadi.

Sony (PlayStation VR yoki Project Morpheus) va HTC (Vive, Valve bilan birgalikda) kompaniyalarining shunday tizimlarining necha pul turishi hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Oculus Rift qimmatligidan tashqari, kuchsizroq kompyuterlarda ishlamaydi. Ko‘zoynak yaratuvchilari kompyuterga qo‘yiladigan talablar qatorida kamida NVIDIA GTX 970 videokartasi, Intel i5-4590 protsessori va 8 Gb tezkor xotira bo‘lishi kerakligini ko‘rsatishmoqda.

Oculus VR vakillarining aytishicha, Oculus VR va unga mos bo‘lgan kompyuterdan iborat tizim fevralda 1499 dollardan sotuvga chiqariladi.