Jamiyat | 15:28 / 07.01.2016
5747
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodlik erkak ukasining mashinasini o‘g‘irlab ketdi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 yilda tug‘ilgan Bahodir Kamolov ukasiga bo‘lgan eski adovati tufayli uning mashinasini olib qochdi. Bu haqda “Ogoh” nashri xabar bermoqda.

Aytilishicha, o‘z mashinasida kira qilib yurgan Kamolov ukasi Mardon Kamolovning uyi yaqinidan o‘tayotib, uning “Jiguli”si ko‘chada qoldirilganini ko‘rgan va uni olib qochishga qaror qilgan. Mashinaning oynasini sindirib, eshigini ochgan va o‘t oldirib, olib qochib ketgan. Mashina ichida 500 dollar va 400 ming so‘m topgan. Bundan tashqari, avtomagnitola, o‘rindiq g‘iloflari va boshqa qismlarni yechib olib, jami 500 dollarga sotib yuborgan.

Ertalab turib, mashinasining yo‘qligini ko‘rgan Mardon Kamolov tegishli idoralarga xabar qilgan. Tez orada jinoyatni uning akasi amalga oshirgani ma'lum bo‘ldi.
Ayni paytda tergov ishlari davom etmoqda.