Jahon | 22:45 / 08.01.2016
10160
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning oxirgi shohining egizak singlisi 96 yoshida vafot etdi

Eronning oxirgi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning egizak singlisi Ashraf Pahlaviy 7 yanvarda 96 yoshida vafot etdi. Bu haqda Eronning Tasnim agentligi ma'lum qildi.

Ashraf Pahlaviy maslahatchisi Robert Armaoning aytishicha, ayolning vafotiga uning keksa yoshi sabab bo‘lgan. Armaoning ta'kidlashicha, ayol Yevropa davlatlaridan biridagi uyida uyqusida vafot etgan.

Ashraf Pahlaviy Tehronda 1919 yil 26 oktabrda polkovnik Rizo Pahlaviyning oilasida dunyoga kelgan. Rizo Pahlaviy 1925 yilda to‘ntarish oqibatida shoh taxtini egallagan. Ayol Eron podshohligi va Pahlaviy sulolasidagi oxirgi shoh bo‘lgan egizak akasidan keyin tug‘ilgan.

Muhammad Rizo Pahlaviy hukmronlik qilgan davrda (1941-1979 yillar), Ashraf Pahlaviy akasining maslahatchisi bo‘lgan va Pahlaviylar uyi va butun davlat ishlariga katta ta'sirga ega bo‘lgan. Ashraf AQSh va Buyuk Britaniya maxsus xizmatlarining 1953 yilda bosh vazir Mo‘sodiq hukumatining to‘ntarilishi bo‘yicha o‘tkazgan operatsiya va keyinchalik AQSh kapitali uchun Eronda eshiklarni ochishda bosh rollardan birini o‘ynagan.

Ashraf Tehronni o‘zining akasi va uning oilasi bilan 1979 yilda islom inqilobi avj olgan bir vaqtda tark etgan. Ayol muhojirlikda Nyu-York, Parij, Frantsuz Riverasida yashagan.