Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloger: Kyolndagi voqealar haqida qalbaki suratlar tarqatilmoqda
Oxirgi bir necha kundan buyon Yevropa matbuotining asosiy mavzusi Yangi yil kechasi Kyoln shahrida muhojirlar tomonidan ayollarga uyushtirilgan hujumlar bo‘lib qoldi. Qochqinlar boshpanasidan chiqqan yoshlarning to‘polon qilgani va mahalliy ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgani shubhasiz. Ammo, ayrim siyosatchilar, jurnalistlar va ekspertlarning fikricha, mazkur voqealarni ko‘pirtirib ko‘rsatib, bu orqali o‘z maqsadlariga erishmoqchi bo‘lgan kuchlar mavjud.
Jumladan, ranglarni yanada qoraytirish, qochqinlarga nisbatan nafrat uyg‘otish maqsadida axborot maydoni yangidan yangi, biri boshqasidan mudhishroq tafsilotlar bilan boyitilmoqda. Ko‘plab soxta fotosuratlar tayyorlanmoqda yoxud mutlaqo boshqa joylarda olingan tasvirlar “Kyolnda muhojirlarning beboshligi” singari sarlavhalar ostida ijtimoiy tarmoqlar va tashviqiy saytlar orqali tarqatilmoqda.
Rossiyalik bloger Aleksey Kovalyov mana shunday fotosuratlarga e'tibor qaratdi va ularning kelib chiqishini tahlildan o‘tkazdi.

Birinchi fotoda yuzi aniq ko‘rinmagan yosh yigit yonidan o‘tib ketayotgan ayolga qarab tupurgani aks etgan, ikkinchisida esa bir guruh muhojirlar sochi uzun kishini, tashviqotchilarning uqtirishicha, ayol kishini qurshab olib, unga tegajog‘lik qilmoqda. Ta'kidlanishicha, suratlarning birinchisi Shvetsiya poytaxti Stokgolmda, ikkinchisi esa Avstriyada Yangi yil kechasi olingan. Boshqa birovlarning e'tirof etishicha, ular Kyolnda tushirilgan.

Hattoki mashhur amerikalik aktyor Jyeyms Vuds ham propagandaga aldanib, bu metariallarni Twitter’dagi mikroblogida joylashtirgan.
“Shvetsiya yaxshi hayot qidirib kelgan kishilarga qaynoq quchog‘ini ochmoqda”, - deb kinoya qilgan san'atkor.
Aniqlanishicha, birinchi fotosuratning Shvetsiyaga ham, Germaniyaga ham, Yangi yilga ham aloqasi yo‘q: u 2013 yil fevralida Avstriya poytaxti Venada bo‘lib o‘tgan miting videosidan kesib olingan bir kadrdir.
Har yili o‘zini “Avstriya ozodlik partiyasi” deb nomlovchi fashistik siyosiy tashkilot Venada akademik bal o‘tkazadi; unda konservativ aslzodalar va fashistlar to‘planadi. Partiyaga oid ba'zi faktlar diqqatga sazovordir.
Birinchidan, Ikkinchi Jahon urushi yillarida partiya natsist Germaniyasi, aynan Vermaxt zobitlari va NSDAP (Germaniya millatchi-sotsialistik ishchi partiyasi) bilan yaqindan hamkorlik qilgan: partiya rahbariyatining asosiy qismi ularning a'zolari edi. Ikkinchi Jahon urushida natsistlar mag‘lubiyatga uchragach, barcha partiya va tuzilmalar tarqatib yuborildi. Ammo 40-yillar oxirida harakatning sobiq faollari dastlab “Mustaqillar ittifoqi”, so‘ng “Avstriya ozodlik partiyasi” nomi ostida qaytadan birlashdi. Bosh maqsadi sifatida Avstriyada o‘rta va kichik tadbirkorlikni rivojlantirishni ko‘rsatganiga qaramay, tashkilot hozircha faqat yahudiylarni haqorat qilgani bilan keltirib chiqargan janjal orqaligina “mashhur” bo‘lishga ulgurdi.
Ikkinchidan esa, partiya bugungi kunda Rossiya bilan juda yaqin aloqalarga ega. Tuzilma yetakchilari muntazam ravishda Rossiyaga tashrif buyurib, nufuzli tadbirlarda ishtirok etishadi, mahalliy matbuotda chiqishlar qilishadi.
Har yili “Avstriya ozodlik partiyasi” o‘ziga xos “Vena akademik bali”ni uyushtiradi. Unda kazo-kazolar shampan vinosi ichadi, raqs tushadi va Gitlerni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi.
Bunday oshkor fashistik ideologiya avstriyaliklarning aksariyat qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi. Shu bois venalik yoshlar 2013 yil fevralida bal oqshomida norozilik namoyishi uyushtirib, tadbirning tarqatib yuborilishiga erishgan edi.
YouTube’da e'lon qilingan videoda ko‘rinishicha, namoyishchilar fashistlarni haqorat qilgan va boshqa yo‘llar bilan noroziligini ko‘rsatgan. Hissiyotlarga berilib ketgan yoshlardan biri yonidan o‘tayotgan aslzoda ayolga qarab tupurgan.
Endilikda ushbu videodan tupurish sahnasi kesib olinib, Kyolnda muhojirlar 2015 yildan 2016 yilga o‘tar kechasi nemis ayollarini haqorat qilganining isboti sifatida pesh qilinmoqda. Aslida esa 2013 yil fevralida Avstriyada tasvirga tushirilgan bu rolikda birorta ham muhojir qatnashmagan.
Ikkinchi suratda esa, blogerning aniqlashicha, darhaqiqat muhojirlar ko‘rsatilgan. Ammo u Kyolnda 2015 yilning 31 dekabrida emas, Vengriya poytaxti Budapeshtda joylashgan Keleti vokzalida 2015 yilning sentabrida olingan. Unda Vengriyaga kelgan muhojirlar aks etgan. Poyezdda joy talashib yoki boshqa sabab tufayli qochqinlar bir-biri bilan janjallashib qolgan. Targ‘ibotchilar tomonidan “muhojirlar qurshovida qolib ketgan kyolnlik ayol” deb ko‘rsatilayotgan sariqsoch kimsa aslida erkak bo‘lib, muhojirlardan biridir.

Bu kabi yolg‘on-yashiq axborot ko‘p miqdorda yoyilmoqda. Har bir holatni bosh-oyoq ko‘rib chiqishning imkoniyati yo‘q, negaki yolg‘onni fosh qilish yolg‘on gapirishdan ko‘ra ko‘proq vaqt va mehnatni talab qiladi. Shu bois internet foydalanuvchilaridan birinchi navbatda xushyor bo‘lish, axborot manbalarini sinchiklab tekshirish talab qilinadi, aks holda ular axboriy urush qurbonlariga aylanishi mumkin.
Eldor Asanov tayyorladi