Jahon | 22:29 / 10.01.2016
3399
2 daqiqa o‘qiladi

Tunisda teraktlar tufayli mehmonxonalarning 50 foizi yopildi

Tunisda ishlab turgan 570 mehmonxonaning 270dan ortig‘i turistik soha inqirozi tufayli yopilib ketdi. Bu haqda 10 yanvar kuni Kapitalis nashri xabar berdi.

Tunis professional turizm uyushmasi raisi Xusom bin Azizning fikricha, 2016 yil boshida yopilgan mehmonxonalar soni yanada ko‘payishi mumkin, negaki yilning birinchi choragi an'anaga ko‘ra turistik soha uchun “quruq” davr bo‘ladi.

Tunis hududida o‘tgan yili sodir etilgan bir qancha teraktlar oqibatida mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni keskin kamayib ketdi. Teraktlarda aynan chet elliklar ko‘p bora nishon sifatida tanlab olingani ham bu borada muhim omil bo‘ldi.

Eng katta zararni Ispaniyaning RIU Hotels & Resorts tarmog‘i ko‘rdi: unga tegishli Imperial Marhaba mehmonxonasi hovlisida 2015 yilning 26 iyunida terrorchilik akti sodir etildi. O‘shanda terrorchilar plyajga bostirib kirib, turli davlatlar fuqarolari bo‘lgan 38 kishini o‘ldirishgan edi.

Shuningdek, Jarbadagi Fransiyaning Club Med tarmog‘iga tegishli Djerba la Douce kurort kompleksi hamda Fransiyaning Marmara tarmog‘iga tegishli Dar Djerba va Palm Beach Djerba mehmonxonalari yopilib ketdi.