Jamiyat | 18:02 / 13.01.2016
8330
6 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz saytidan di Kaprio ijrosidagi “Omon qolgan” filmiga taqriz

Oxirgi paytlarda Leonardo Di Kaprioning katta ekranda paydo bo‘lishi kino ishqibozlari orasida eski mavzuning qaytadan ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda: Leo nihoyat Oskar oladimi, yo‘qmi?

“Omon qolgan” (The Revenat) vesterni premerasidan so‘ng yog‘ilgan maqtovli fikrlar go‘yoki azaliy savolga javob topib berganday edi: bu safar oladi!
Ushbu xulosa nimaning asosiga qurilganiga qiziqdim. Filmni ko‘rib chiqishga 2.5 soat vaqtimni ayamadim. Xo‘sh, u haqda nima deyish mumkin?

Maykl Pankening shu nomli kitobiga asoslangan film afsonaviy trapper va mauntinmen (Yovvoyi G‘arbda: tog‘ ovchisi va mo‘ynafurushi), og‘ir yarador ahvolda suvsiz va ovqatsiz 320 km qorli yo‘lni bosib o‘tgan Xyu Glassning tarjimai holiga tayanadi. Arikara hindularining hujumiga uchragan ovchilar guruhi yukning bir qismini tashlab qochishga majbur bo‘ladi, Grand-River yo‘l ayrilishida to‘xtaganlarida esa o‘rmon ichiga kirib ketgan Glass ona ayiq hamlasiga duchor bo‘ladi. Bo‘yni kesilib ketgan, badani ilma-teshik qilib yuborilgan ovchi pirovardida o‘z sheriklariga ham ortiqchalik qila boshlaydi. Ammo yolg‘iz tashlab ketilgan Glassda to‘satdan yashash ilinji alangalanadi...

Filmning shaksiz yutuqlarini e'tirof etmay ilojimiz yo‘q: postanovka, montaj, operator ishi, tarixiy muhitning gavdalantirilishi, maxsus effektlar yuksak saviyada. Chiroyli tabiat manzaralari qonli sahnalar bilan omuxtalashib, tabiiylik hosil qiladi.

Meksikalik rejissyor Alexandro Inyarritu bir yil muqaddam uchta Oskarga sazovor bo‘lgan “Byordmen” qora komediyasida sinab ko‘rgan usulini davom ettirgan: kamera tasviri deyarli uzilmaydi, videoqator qisqa-qisqa kadrlarga bo‘linib ketmaydi, aksincha, jarayonga dinamika va jon bag‘ishlanadi. Bunday yondashuv postanovkachi, aktyorlar va maxsus effekt ustalari oldiga nihoyatda murakkab masalani qo‘yadi: sinxron va tezkor ishlash. Ular buning uddasidan chiqqani ko‘rinib turibdi.

Shu bilan birga, alqovlarning ortiq darajada oshirib yuborilganini e'tirof etishimiz kerak. Film amalda yaxshi kitobning ekranlashtirilishidan boshqa narsa emas, yaxshi kitob ekranga ko‘chganida esa asosiy urg‘u syujyetga berilib, g‘oya ikkinchi planda qolib ketadi. Nega “Yarim tun bolalari” va “Qora orxideya”ning kino versiyalari kitobidan past saviyada? Chunki so‘zlar yetkaza oladigan ma'noni videotasvir har doim ham ochib bera olmaydi. Shuning uchun “Omon qolgan”ning kitobini o‘qib chiqish ma'qulroq, deb o‘ylayman.

Boz ustiga, boshida ancha kuchli bo‘y berib turgan film falsafasi oxirida jo‘nlashib, quruq qasos alamiga taqab qo‘yiladi. Shundan so‘ng kartinani ko‘rishni davom ettirmasa ham bo‘ladi: o‘z-o‘zidan, bosh qahramon tirik qoladi va, o‘z-o‘zidan, asosiy dushmanidan o‘ch oladi. Noan'anaviy filmlar ustasi bo‘lgan Inyarritudan ko‘proq fantaziya kutgan edim.

Di Kaprio o‘z rolini ajoyib ijro etgani bot-bot takrorlandi. Menda esa Tom Xardi kuchliroq taassurot qoldirdi. Barcha filmlarda bir xil yuz ifodasi bilan yurishiga ko‘nikib qolganimiz bu aktyor birinchi marta yirik obrazni jonlantira oldi.
“Omon qolgan”da bir qancha asarlarning ta'siri yaqqol seziladi: kadrlash, yuqorida aytilganidek, “Byordmen”ga monand, lekin bu film Inyarrituning o‘ziga tegishli ekanligini inobatga olib, ko‘chirmachilik deb baholamaymiz; realistik olishuv kadrlarida Mel Gibson ijodining izlarini ko‘rish mumkin (“Apokalipsis”); Andreas Proxazkaning “Qorong‘u vodiy”si qahramonlari mana shunga yaqin sharoitda, qorga burkangan tog‘lar yonbag‘rida kovboycha kiyimda harakat qilishadi, farqi shundaki, nemis vesterni 6.5 mln yevroga suratga olingan edi, “Omon qolgan”ning byudjyeti esa 135 mln dollarni tashkil qildi.

“Film, uzunligiga qaramay, mutlaqo zeriktirmaydi”, degan fikrga qo‘shila olmayman. Janr ishqibozlarini zeriktirmasligi tayin, lekin boshqa toifadagi muxlislar 30-daqiqadan so‘ng esnay boshlaydi, bu holat filmning yarmiga qadar davom etadi, so‘ng voqealar yana jadallashadi.

Yuqorida aytilgan tanqidiy fikrlardan filmni ko‘rish kerak emas ekan, degan xulosa kelib chiqmaydi. Shubhasiz, “Omon qolgan” 2015 yilning eng yaxshi filmlaridan biri bo‘ldi, lekin “Ayg‘oqchi ko‘prigi”, “Marslik” va “Telba Maks-4: G‘azab yo‘li” undan yaxshiroqdir. Shubhasiz, Di Kaprioning ijrosi nihoyatda kuchli, lekin uning “Ozod qilingan Jango”dagi ijrosi yanada kuchliroq edi. Va, nihoyat, Inyarrituning eng buyuk filmi hanuzgacha “Bobil” (2006) bo‘lib qolmoqda: “Omon qolgan” undan o‘zib keta olmadi.

Muallif: Eldor Asanov