Jamiyat | 18:57 / 14.01.2016
6472
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik aktyor Alan Rikman vafot etdi

Britaniyalik aktyor Alan Rikman vafot etdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar tarqatdi.

U 69 yoshida London shahrida olamdan o‘tgan. Bu ma'lumot uning qarindoshlari tomonidan tasdiqlangan. Rikman keyingi bir necha yil davomida saraton xastaligidan aziyat chekayotgan edi.

Alan Rikman o‘z rollari orqali bir necha avlodning sevimli aktyorlaridan biriga aylangandi. Uni hozirgi avlod vakillari Garri Potter haqidagi kinosaga orqali taniydi. Rikman mazkur filmlarda professor Severus Snegg rolini ijro etgan.

Alan Rikmanga ilk mashhurlik keltirgan roli 1988 yilda suratga olingan "Qattiq yong‘oq" filmidagi ijro (terrorchi Xans Gruber) edi. U shuningdek, «Robin Gud: qaroqchilar shahzodasi» filmida Nottingem sherifi roli bilan mashhurlikka erishgan. Uning filmografiyasida «Aql va hissiyot», «Rasputin», «Chin dildan, aqlsizlik bilan, kuchli», «Parfyumer. Bir qotillik tarixi», «Qorli pirog» va «Alisa sarguzashtlar mamlakatida» kabi filmlar bor.

Uni Buyuk Britaniya qirolligi aholisi mahoratli teatr aktyori sifatida bilishar edi. U Shekspir nomidagi qirollik akademiyasi a'zosi edi. Guardian nashri uni "Britan kinosi va teatrining giganti" deb atagan. U «Oltin globus», «Emmi», BAFTA kabi mukofotlar laureati bo‘lgan, lekin biron marta «Oskar» olmagan.

Uning rejissyorligidagi «Qishdagi mehmon» filmi Venetsiya kinofestivalida 2ta mukofot bilan taqdirlangandi.