Jahon | 22:55 / 16.01.2016
5971
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik dotsent musulmoncha ismi sabab onlayn kompyuter o‘yiniga kira olmadi

Florida shtatidagi kollejlardan birining musulmon dotsenti Muhammad Zoxir Xon o‘zining ismi sababli ko‘p foydalanuvchili onlayn kompyuter o‘yini Paragon’da ro‘yxatdan o‘ta olmadi. Bu haqda NBC News ma'lum qildi.

Zoxir Xon o‘yin dasturiga o‘zi haqidagi ma'lumotlarni kiritgandan keyin dastur bloklash haqida xabar chiqargan: unda Zoxir Xon ismi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgani aytilgan.

Dastlab olim bu xakerlarning ishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan, biroq tez orada uning ismi haqiqatan ham terrorchilar va giyohvandfurushlarni AQSh fuqarolari bilan bitimlar tuzishdan mahrum qilishga mo‘ljallangan qora ro‘yxatga kiritilgani aniqlangan. Ro‘yxatga albatta olimning o‘zi emas, balki uning pokistonlik adashi kiritilgan bo‘lgan.

Paragon o‘yinini ishlab chiqqan Epic Games kompaniyasi Zoxir Xondan bu anglashilmovchilik uchun uzr so‘ragan va muammoni o‘yin dasturiga pullik kirish kodining mukammal emasligi bilan tushuntirgan hamda bu muammo yaqin orada hal qilinishini aytgan. Biroq olim bunday javobdan qoniqmagan: uning aytishicha, u ko‘plab kompyuter o‘yinlarida o‘ynaydi va ulardan hech birida avval bunday muammoga duch kelmagan.

Mutaxassislarning fikricha, muammo kengroq bo‘lib, kompyuter o‘yinlarida ro‘yxatdan o‘tish bilangina cheklanib qolmaydi. Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi qora ro‘yxatiga 6 mingga yaqin kishi kiritilgan bo‘lib, ulardan ba'zilari haqida juda kam ma'lumot mavjud, ya'ni ularning faqatgina ismi va familiyasigina ma'lum. Ular orasida AQShga Lotin Amerikasi va musulmon davlatlaridan kelganlar orasida keng tarqalgan ismlarga egalari ham bor. O‘yin ishlab chiquvchilari qonunga to‘liq bo‘ysunib, o‘yindan ro‘yxatdan o‘tadiganlarning ismlarini qora ro‘yxatdagi ismlar bilan solishtiradigan bo‘lsalar, unda yangi muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Paragon o‘zida real vaqtda strategiya va rolli o‘yinni uyg‘unlashtirgan o‘yin bo‘lib, bunday janrdagi o‘yinlarda o‘yinchilarning ikki guruhi bir-biri bilan bellashadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish