Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Suriyaning Madaya shahrida 32 kishi ochlikdan halok bo‘lgan
Suriya oppozitsiyasi nazoratida bo‘lgan Madaya shahrida so‘nggi oyda 32 kishi ochlikdan halok bo‘lgan. Bu haqida BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi rasmiy vakili Bettina Lyusher (Bettina Luescher) Reuters’ga xabar bergan.
BMT vakillari bergan xabarga ko‘ra, Suriya armiyasi va jangarilar, shuningdek “Islom davlati” terroristik guruhi ekstremistlari tomonidan egallab olingan 15 ta aholi punktlari va tumanlarda 450 mingdan ortiq kishi yashamoqda. Shu sababli bunday tumanlarga gumanitar yordamni amalga oshirish juda murakkab.
15 yanvar kuni Rossiya armiyasi Suriyadagi gumanitar yordamni kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqida Bosh shtab asosiy tezkor boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Sergey Rudskoy xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda bir qator xalqaro nodavlat tashkilotlar Suriyaga gumanitar yordamni yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda, biroq “yordam asosan jangarilar tomonidan nazorat qilinayotgan tumanlarga yuborilmoqda, ularning katta qismi ekstremistlar qo‘liga yetib boryapti va ularni ta'minlashga sarflanmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, Suriyada 2011 yildan beri fuqarolik urushi davom etmoqda, prezident Bashar Asad hukumatiga oppozitsiyaning qurollangan dunyoviy, hamda islom guruhlari qarshi chiqishmoqda. Mojaro davomida “Islom davlati” guruhi kuch to‘pladi, uning jangarilari mamlakatning bir qismi ustidan nazorat o‘rnatdi.
Rossiya Bashar Asad prezident Vladimir Putinga iltimos bilan murojaat qilganidan so‘ng, 2015 yilning 30 sentabrida Arab Respublikasidagi terroristlarga qarshi kurashish uchun havo kuchlari operatsiyasini boshladi. 2014 yilning sentabr oyidan beri AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya jangarilarga qarshi aviazarbalar bermoqda. Suriya va Iroqdagi aqidaparastlarga qarshi yerda mazkur mamlakat qo‘shinlari, kurd tuzilmalari kurash olib bormoqda.