Jahon | 22:48 / 19.01.2016
9791
2 daqiqa o‘qiladi

Jarroh Serjio Kanavero bir maymunga boshqa maymun boshi muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazilganini ma'lum qildi

2017 yil dekabrida rossiyalik dasturchi Valeriy Spiridonovning boshini ko‘chirib o‘tkazishni rejalashtirayotgan italiyalik jarroh Serjio Kanavero ushbu loyiha bo‘yicha ishlar muvaffaqiyatli olib borilayotganini aytdi. Uning aytishicha, bunday jarrohlik kalamush va maymunlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qildi.

Kanaveroning ta'kidlashicha, uning jamoasi kalamushlarda bosh va orqa miya o‘rtasidagi uzilgan neyron bog‘lanishlarni tiklashga (natijada ularning harakatchanligi 60 foizga tiklangan) va maymunga bosh ko‘chirib o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Jarrohning aytishicha, bu operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan, biroq maymun azoblanmasligi uchun 20 soatdan keyin hayotiga chek qo‘yilgan.

Bu ishning natijalari hozircha hech qayerda chop etilmadi. Kanaveroning aytishicha, ushbu ish bo‘yicha maqolalar ikkita jurnal tomonidan qabul qilingan, biroq bu qaysi jurnallar ekanligi va maqolalar qachon chop etilishi haqida hech narsa aytmadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, boshni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyani hozircha amalga oshirib bo‘lmaydi. Transplantolog jarroh Paolo Makkiarini Kanaveroni “jinoyatchi” deb atamoqda, tibbiyot fanlari nomzodi, neyroxirurg Aleksey Kasheyevning aytishicha, shifokorlar tirik to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazishda hozirda tibbiyot hal qilishga qodir bo‘lmagan bir qator muammolarga duch kelmoqdalar.