Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda eksportchilar uchun imtiyozlar oshiriladi
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi eksport faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqmoqda, deb ma'lum qildi vazirlikdagi manba Sputnik nashriga.
Tegishli davlat tuzilmalaridagi maxsus ishchi guruhlar ma'lumot yig‘ib, eksport sxemalari va imtiyozlarini optimallashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlamoqdalar, shundan keyin bu takliflar umumiylashtirilib, hukumatga ko‘rib chiqish uchun taqdim qilinadi.
Manbaning aytishicha, Vazirlar Mahkamasi eksportchilar uchun imtiyozlarning oshirilishini ko‘rib chiqadi. Yangi tahrirdagi imtiyozlar tizimi tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha personallashtiriladi.
Bundan tashqari, bojxona mexanizmlari ham jiddiy o‘zgarishlarga uchraydi: hukumat bojxona jarayonlarini soddalashtirishni mo‘ljallamoqda. Yana bir yo‘nalish – tashqi savdo operatsiyalarini o‘tkazish uchun tariflarning pasaytirilishidir.
Eksport-import va tranzit operatsiyalarini tartibga solish jarayonlarini soddalashtirishda yangi bojxona axborot tizimi muhim rol o‘ynashi kerak. Bu tizim Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida yaratilmoqda. Ushbu loyihani yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
“Yangi ishlab chiqilayotgan majmuada alohida o‘rinni kichik biznes sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar egallaydi. Bu yilda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ustav kapitalini ikki marta ko‘paytirish bo‘yicha takliflar mavjud”, deb aytmoqda manba.
O‘tgan yili bu jamg‘arma 3213 ta tadbirkorlik sub'yektiga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorlarga olib chiqishga yordam berdi. Natijada bu sub'yektlar 1,05 mlrd dollarlik mahsulot eksport qildilar va xizmatlar ko‘rsatdilar. Bu tajribani butun respublika bo‘ylab tatbiq qilib, barcha viloyatlarda jamg‘armaning bo‘limlarini yaratish rejalashtirilmoqda.