Jahon | 00:53 / 19.01.2016
4609
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda internet foydalanuvchilari bilan Ichki ishlar vazirligi nomidan firibgarlik qilinmoqda

Qirg‘izistonda mobil telefon va planshetlar foydalanuvchilaridan pul talab qilish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

IIV ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar mobil qurilmalar va kompyuterlarga brauzer ishini bloklovchi zararli dasturlarni kiritmoqdalar. Qurilmalar ekraniga go‘yoki foydalanuvchi ta'qiqlangan internet-kontentga kirgani uchun IIV tomonidan bloklangani haqida va qurilmani blokdan chiqarish uchun rekvizitlari ko‘rsatilgan elektron kartmonga 1,5 ming som jarima to‘lash talab qilinayotgan xabar chiqmoqda. “Jinoyatchilar shunga o‘xshash boshqa mazmundagi xabarlarni ham jo‘natishi mumkin”, deyilmoqda IIVda.

Ma'lum qilinishicha, IIVning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Tovlamachilar ishonuvchan odamlarni chuv tushirishni mo‘ljallamoqda. Qirg‘iziston IIV 10-bosh boshqarmasi mobil qurilmalarda bunday xabarlar paydo bo‘lganda ko‘rsatilgan hisob raqamiga pul o‘tkazmaslik va darhol mahalliy ichki ishlar bo‘limlariga murojaat qilishni so‘ramoqda. “Qurilmani mustaqil ravishda blokdan chiqarish uchun brauzerning kesh-xotirasini tozalash kerak va bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun doimo antivirus dasturlaridan foydalanib yurish lozim”, deb qo‘shimcha qilmoqda IIV.