Jamiyat | 08:57 / 20.01.2016
5368
2 daqiqa o‘qiladi

Mayami-Bichda muqaddam narkobaron Pablo Eskobarga tegishli bo‘lgan villa buzib tashlanmoqda

Mutaxassislar Mayami-Bichda mashhur kolumbiyalik narkobaron Pablo Eskobarga tegishli bo‘lgan dang‘illama hovlini buzib tashlash ishlarini boshlashdi. Bu haqda NBC News xabar bergan.

"Men u iblisning uyi ko‘z o‘ngimda vayron qilinayotganidan xursandman. Bu jinoyatchilik tarixidagi ajoyib voqealardan biridir", deydi bu mulkning hozirgi xo‘jayini Kristian de Berdua.

U o‘z rafiqasi bilan birgalikda bu mulkni 2014 yilda 9,65 mln dollar evaziga xarid qilishgan. Ular xariddan oldin uyning sobiq egasi haqida bilishmagan. Berduaning aytishicha, rafiqasi bu haqida bilib qolganida, ibodatxonaga borib, rohibga tavba qilgan.

O‘z navbatida, binoning buzilishi davomida maxsus guruh hujjatli film uchun lavhalar oladi va binoda qolib ketgan bo‘lishi mumkin "xazinani izlaydi".

Qayd etish kerakki, Eskobarning o‘zi bu uyda yashagani aniq emas.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Eskobarga aloqador kishilar bu uyga "eski ishlar" tufayli yana qadam ranjida qilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ma'lumot uchun, Pablo Eskobar O‘tgan asrning so‘nggi 20 yilligida AQShda Janubiy Amerikadan keltiriladigan giyohvand moddalarni tarqatuvchi jinoiy kartel tashkil qilgandi. U 1993 yilda maxsus xizmat vakilllari bilan otishma vaqtida o‘ldirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish