Jamiyat | 08:36 / 21.01.2016
4902
2 daqiqa o‘qiladi

Texasda 2016 yildagi birinchi o‘lim jazosi ijro etildi

AQShning Texas shtati hukumati 15 yil avval qotillik amalga oshirgani uchun sudlangan erkakni qatl etdi. 2016 yildagi ilk qatl bo‘lgan bu jazo o‘limga olib keluvchi inʼeksiya kiritish yo‘li bilan amalga oshirildi.

2015 yilda shunday yo‘l bilan 13, AQSh bo‘yicha esa 28 jinoyatchi qatl etilgan.

Qatl etilgan 43 yoshli mahbus Richard Masterson 2001 yil yanvarida parodiyalar bilan kun kechirgan va o‘z parodiyalarini odatda ayollar qiyofasida ijro etgan 35 yoshli Darin Sheyn Xanikattning qotilligida aybdor deb topilgan.

Sud materiallariga ko‘ra, Masterson o‘zining qurboni mashinasini o‘g‘irlab ketgan va uni Jorjiya shtatida tashlab ketgan. U bir haftadan keyin boshqa o‘g‘irlangan mashinada Floridada qo‘lga olingan. O‘g‘irlangan mashina egasi jinoyatchi uni talashdan oldin, uni o‘ziga rom etib, u bilan yaqin aloqada bo‘lish paytida uni bo‘g‘ib qo‘yishiga bir baxya qolganini aytgan. Jinoyatchining birinchi qurboni Xanikatt aynan shunday usul bilan o‘ldirilgan.

Umumiy hisobda AQShning 31 shtatida o‘lim jazosiga ruxsat berilgan. O‘lim jazosi yana qo‘llana boshlagan 1976 yildan 2015 yil sentabrigacha AQShda 1400 jinoyatchi qatl etilgan.