Jamiyat | 19:50 / 25.01.2016
5152
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Olmaotada 7 farzandli ona vayronalarda yashamoqda

Qozog‘iston matbuoti ko‘p farzandli, ammo kam ta'minlangan oilalar muammolarini ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu safar 37 yoshli Mayramgul Nabiyeva hikoyasi gazetalar sahifalaridan o‘rin oldi.

Aytilishicha, ayol Olmaota viloyatida istiqomat qilib keladi. Yarim vayrona ahvolidagi xonadon ijarasi 10 ming tangani tashkil qiladi. Ayni paytda, hokimiyat unga yordam berishdan bosh tortmoqda: aytilishiqa, go‘yoki uning fe'li yomonligidan hatto eri ham ketib qolgan.

Ayol 7 nafar farzandi bilan ko‘rpalarda, bitta xonada yotadi. Ular bu uyda yarim yildan buyon yashab kelmoqda.

Aytilishicha, Mayramgul “Qahramon ona” unvoniga egadir.

Nabiyevaning hikoya qilishicha, ularning uyi 2013 yili yonib ketgan. Eri ketib qolgach, ayol Chelak qishlog‘ida ushbu vayronalarni ijaraga olib yashab kelmoqda.

Kommunal xizmatlardan qarzi borligi tufayli uy elektr tarmog‘idan uzilgan. Ko‘mir va o‘tinning qimmatligi bois uy chiqindixonadan to‘plab kelingan axlat bilan isitiladi.

“Pechga o‘tin o‘rniga boshmoqlar solganimizda bolalar zaharlanmasligi uchun ularni ko‘chaga chiqarvoramiz”, - deydi Nabiyevaning qizi, 14 yoshli Alfiya.

Nabiyevaning eng katta farzandi 16 yoshli Armanjon, eng kichigi esa 4 yoshli Zulfiyadir. Bolalar darsga doimiy ravishda bora olishmaydi, negaki kiyim-kechakdan va o‘quv qurollaridan kamchiliklari ko‘p.

Boshiga bunday kunlar tushishiga ayolning o‘zi ham aybdor bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi jurnalistlar.

“Ilgari Nabiyeva Uyg‘ur tumanida yashardi, ammo yomon fe'li tufayli u yerdan oqsoqollar kengashi tomonidan ko‘chirib yuborildi; keyin u qo‘shni Teskensuv ovulida yashadi, ammo u yerda ham uzoq tura olmadi. Hatto eri ham qochib ketdi”, - deydi tuman hokimi Yeseng‘ali Yesenxonov.

“Biz uning bolalarini internatga joylashtirganimizda, ayol u yerga mast holda borib, mudira bilan mushtlashdi. Politsiya chaqirishga to‘g‘ri keldi”, - qo‘shimcha qildi uning o‘rinbosari Madi Bektosov.

Nima bo‘lganda ham, ayni paytda ushbu oilaning muammosi hal qilingan emas va hokimiyat bu masalani o‘zidan soqit qilishga urinmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish