Texnologiya | 21:05 / 26.01.2016
2676
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda Jeep Wrangler negizida armiya yo‘ltanlamasi quriladi

AQSh armiyasining pudratchisi hisoblanadigan Hendrick Dynamics kompaniyasi Jeep Wrangler jipi negizida yengil armiya yo‘ltanlamas avtomobilini qurish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda The Detroit News nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh armiyasi chekka joylarga tashlash mumkin bo‘lgan yengil, arzon, zirhlanmagan avtomobillarni qurollanishga olmoqchi. Bu mashinalar og‘ir zirhlangan texnikani talab qilmaydigan operatsiya vaqtida borish qiyin bo‘lgan hududlar bo‘ylab qo‘shinlarni va yuklarni tashishi mumkin bo‘ladi.

Yangi mashina deyarli Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi Willys MB yo‘ltanlamasi bajargan vazifalarni bajaradi. Willys MB avtomobili 1941 yildan 1945 yilgacha Toledoda Willys-Overland Motors kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

2014 yilda Jeep kompaniyasi “Villis”ga bag‘ishlangan Wrangler’ning maxsus modelini yaratgandi. Avtomobil o‘zi bloklanuvchi differensialga ega Dana 44 orqa ko‘prigi, BF Goodrich pokrishkalari, shatak trosi va takelaj skobasini o‘z ichiga oluvchi maxsus to‘plam bilan jihozlangandi. Wrangler Willys Wheeler nomli bu yo‘ltanlamas 285 ot kuchiga ega 3,6 litrli Pentastar dvigateli va olti pog‘onali “mexanik” yoki besh diapazonli “avtomat” uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

“Rengler”ning fuqarolik versiyasi Fiat Chrysler Automobiles (FCA) uyushmasining korxonasida ishlab chiqariladi. Hendrick Dynamics vakillarining aytishicha, yangi mashinani seriyali ishlab chiqariluvchi avtomobil negizida yaratilishi ishlanmalarning qiymatini ancha kamaytirishga imkon berdi. Bundan tashqari, FCA dunyoning ko‘plab hududlarida vakolatxonalariga ega, shuning uchun armiya mashina uchun ehtiyot qismlarning yetkazib berilishida muammolarga duch kelmaydi. Ayni vaqtda Hendrick Dynamics harbiy “Rengler”ning 20 ga yaqin prototipini yaratdi.

Yangi harbiy yo‘ltanlamasning paydo bo‘lishi muddatlari hozircha aytilmayapti.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish