Jahon | 00:23 / 26.01.2016
4658
2 daqiqa o‘qiladi

Senegal maxsus xizmati 900 dan ko‘proq odamni hisbga oldi

Senegal maxsus xizmatlari o‘tgan dam olish kunlari terrorchilik xavfini aniqlash va oldini olish bo‘yicha choralarni amalga oshirish doirasida katta ko‘lamdagi operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda Senegal politsiyasi bergan xabarda aytilmoqda.

Xabarda aytilishicha, mamlakat poytaxti Dakar va Tiyes shaharlarida o‘tkazilgan bir qator reydlar natijasida 900 dan ko‘proq odam hibsga olingan. Reydlar bu shaharlarda terrorchilarning hujumi obektiga aylanishi mumkin bo‘lgan ko‘plab mehmonxonalar va sayyohlik obektlari bor bo‘lgani uchun o‘tkazilgan.

Operatsiyada politsiya bo‘linmalari va tezkor javob berish brigadalari ishtirok etdi. Ushlangan shaxslardan bir qismining yonidan sovuq qurol, qalbaki bank cheklari hamda giyohvand moddalar aniqlangan.

Senegalda 15 yanvarda Burkina-Faso poytaxti Uagadugudagi mehmonxonaga qilingan hujum kabi terakt bo‘lishi imkoniyatini bartaraf qilishmoqchi. Uagaduguda qurollangan jangarilar guruhi hujumi oqibatida 30 kishi, jumladan xorijliklar halok bo‘lgandi.

Senegal ichki ishlar vazirligi aksilterrorchilik kurashi bo‘yicha qo‘mita tuzilganini e'lon qildi, uni ichki ishlar vaziri nazorat qiladi. Dakardagi va boshqa shaharlardagi mehmonxonalar egalariga qo‘riqlashni kuchaytirish haqida qat'iy ko‘rsatmalar berilgan. Senegal politsiyasi rahbari Umar Mal “maxsus xizmatlar va aholi yaqindan hamkorlik qilishi” lozimligini, busiz hukumat ko‘rayotgan choralar samarasiz bo‘lishini aytdi.