Jamiyat | 20:19 / 26.01.2016
2507
2 daqiqa o‘qiladi

Unicef dunyodagi muhtoj bolalarga yordam uchun 2,8 mlrd dollar so‘radi

BMTning Bolalar jamg‘armasi Unicef 2016 yilda dunyoning turli chekkalaridagi muhtoj bolalar va boshqa yoshdagi jabrlanuvchilarga insonparvarlik yordami sifatida 2,83 mln dollar miqdorida mablag‘ so‘radi. Bu haqda tashkilot saytida ma'lum qilingan.

Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mablag‘lar dunyoning 63 mamlakatidagi 76 mln kishiga (shundan 43 millioni bolalar) sarflanishi ko‘zda tutilgan. Mablag‘ning to‘rtdan bir qismi turli mintaqalardagi ta'lim tizimidagi islohotlar uchun, 21 foizlik qismi shaxsiy gigiyena sharoitlarini yaxshilash uchun, 15 va 21 foizlik qismlari oziq-ovqat bilan ta'minlash va sog‘liqni saqlash ishlariga sarflanishi rejalashtirilgan.

Bu mablag‘ning teng yarmi (1,63 mlrd dollar) Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi davlatlar uchun ajratilishi (847 mln dollar Misr, Iroq, Livan, Iordaniya va Turkiyadagi suriyalik qochqinlar uchun, 316 mln dollar Suriyadagi muhtojlar uchun) aytilgan.

Suriyadan tashqari, Yaman (180 mln dollar), Janubiy Sudan (154 mln dollar) va Kongo Demokratik respublikasi (130 mln dollar) hududlari uchun yirik miqdordagi yordam mablag‘lari ajratiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish