Sport | 20:39 / 28.01.2016
3440
5 daqiqa o‘qiladi

"Qarimaydigan Buffon": Futboldagi sadoqat va shijoat siymolaridan biri 38 yoshda

Bugun, 28 yanvar kuni italiyalik taniqli darvozabon Janluidji Buffon o‘zining 38 yoshini qarshiladi.

O‘zbekistonlik taniqli futbol jurnalisti Xayrulla Hamidov uning shu tavallud kuni munosabati bilan "Qarimaydigan Buffon" nomli post yozdi. Bu post uff.uz saytiga joylashtirilgan.

"Bugun erta tongda kechagi o‘yinlarning natijasini bilish uchun internetga kirdim. “Yuventus” o‘zining qatorasiga 12-o‘yinida g‘alaba qozonganini ko‘rdim.

Hamma Dibalayu Morataning gollarini maqtab yotgan ekan. Mening nigohimda esa boshqa siymo gavdalandi.

Bugun ana shu afsonaviy darvozabon hech narsani sezmaganday o‘ynashda davom etmoqda. U tug‘ilgan kunini nishonlamasa ham bo‘ladi. Axir, 38 degan raqamni eshitganlar hayron qolishmaydimi, bu nima qilib yuribdi futbolda, deb.

Hamma futboldan har xil ketadi.

Ba'zilar Matteusga o‘xshab, o‘rnini saqlab qolish uchun hujumdan himoya chizig‘iga qadar chekinishga-da majbur bo‘ladilar.

Ba'zilar Raulga o‘xshab qadr topmagan klubidan boshqa tomonlarga ketib, o‘sha tomonlarda o‘zlariga haykal o‘rnatadilar.

Ba'zilar Xavilar tanlagan qismatga rizolik bildiradilar - sharaf topgan klubidagi mavqei tushishi arafasida pul uchun o‘ziga yarashmagan joylarda ham o‘ynashga rozilik...

Ba'zilar Ronaldino misolida o‘z muxlislarini-da qayoqqa ketganini o‘ylatadigan darajada pastga sho‘ng‘iydilar.

Ba'zilar esa Shevchenko kabi “bir adashgach”, o‘zini o‘stirgan jonajon vatani va jonajon klubiga kelib, o‘z sharafini qayta tiklab oladi.

Ba'zilar Zidan kabi cho‘qqiga chiqib turgan paytda hammasiga tupurgancha, o‘yinni va musobaqani yakunlamay, jimgina maydondan chiqib ketadilar.

Ha, hamma har xil yo‘lni tanlaydi.

Buffon hali futboldan ketmagan. Lekin ko‘ngil sezadiki, bu siymo yuqorida nomi zikr qilingan barcha futbolchidan ko‘ra kattaroq sharaf ila ketsa kerak. Ha, bugun 38 yoshni qarshilagan Janluidji shunday sharafga aslida loyiqdir.

“Yuventus” pastki ligalarga tushirib yuborilganda ham, dunyoning eng zo‘r posboni bo‘la turib, jimgina klubi libosida o‘ynayverganini eslang! “Keksa sinora” krayseri suv tagiga cho‘kib ketayotgan lahzalarda kemadan qochib ketayotgan “sichqonlar” ichida Buffon yo‘q edi. Del Pero ikkisi shu kema bilan BIRGA o‘lishni ixtiyor aylagandilar. Mana shu ikki o‘g‘lonning sa'y-harakati evaziga Turin superklubi yana suv ustiga qaytib chiqdi. Qaytib chiqqanda ham, boshqa kemalarga katta tezlikda yetib oldi va ularni haligacha o‘ziga yaqinlashtirmay kelayotir.

Jahon chempioni, darvozabonlar tarixidagi eng stabil posbon 38 yoshida ham tengsiz bo‘lib turibdi, bu endi fantastika janriga oid masala (FIFAning ramziy terma jamoasiga men ham tupurdim).

Buffon haqidagi eng chiroyli ta'rifni Teri Anri 2006 yilgi final bahsidan so‘ng berib bo‘lgan: “Darvozabonlarni yarim jamoa deyishadi. To‘g‘ri. Ammo Buffon ba'zida butun jamoaga aylanib ketadi!”

1978 yilda Toskana viloyatining Karrara shahrida dunyoga kelgan Janluidji 1991-2001 yillarda "Parma" jamoasidagi o‘yinlari orqali tanila boshlagandi. 2001 yilda esa uning transfer huquqini "Yuventus" o‘sha vaqtdagi rekord summa evaziga sotib oladi. Shundan buyon Buffon turinliklar safida uzluksiz faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Buffon 1997 yildan buyon Italiya milliy terma jamoasiga chaqirib kelinadi. U terma jamoa bilan 2006 yilda Germaniya maydonlarida o‘tgan mundialda zafar quchgan va o‘sha yilda "Oltin to‘p" mukofoti uchun asosiy da'vogarlar safida bo‘lgan. 2012 yilda esa Buffon "moviy gvardiya" bilan Yevropa chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi.

U "Parma" bilan Italiya Kubogi (1998-1999), UYeFA Kubogi (1998-1999) va Italiya Superkubogi sohibi (1999) bo‘lgan.

"Yuventus" safida esa bu darvozabon 8 marta Italiya A seriyasi chempioni, 1 marta Italiya B seriyasi chempioni, 1 marta Italiya Kubogi g‘olibi, 5 marta Italiya Superkubogi g‘olibi bo‘lgan. Buffon turinliklar bilan ikki marta, 2002-03 hamda 2014-15 yillarda YeChL finaliga qadar borgan.

Buffon Italiya terma jamoasidagi debyutini Moskvadagi "loy jangi"da o‘tkazgan

Buffon 2018 yilgi jahon chempionatidan keyin faoliyatini yakunlaydi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish