Jamiyat | 20:57 / 29.01.2016
19387
5 daqiqa o‘qiladi

Ayzek Azimovning bashoratlari amalga oshdimi?

1964 yili mashhur fantast-yozuvchi Ayzek Azimov insoniyatni 2014 yilda nimalar kutishi haqida bashorat qilgandi. Quyida uning 10 ta bashorati va ularning qay darajada amalga oshgani haqida bilib olishingiz mumkin.

1-bashorat: “Avtomatik ovqat” tayyorlovchi, suvni kofega aylantirib beruvchi oshxona jihozi yaratiladi;

Amalga oshdimi? Insoniyat oziq-ovqat sohasida yaxshigina rivojlanib ketgani bor gap. Ammo hali Azimov aytgan darajaga yetgani yo‘q. Agarda u aytgan bashorat amalga oshsa, global muammo bo‘lib turgan ochlik masalasi ijobiy hal etilishi mumkin. Oddiy suvni qahvaga aylantirish esa bugungi kun uchun noreal. Balki yana ellik yildan keyin bu ish avlodlarimizni umuman ajablantirmas…

2-bashorat: Yarim tayyor holatdagi yeguliklar to ularni pishirish vaqti kelmaguncha sovutkichlarda turadi;

Amalga oshdimi? HA! Azimovning oziq-ovqat sohasidagi ikkinchi bashorati to‘la-to‘kis amalga oshib bo‘ldi. Bugun yarim tayyor ovqatlar shahar hayotining muhim bir qismiga aylanib bo‘ldi. Ayniqsa, talabalar hayotining.

3-bashorat: 2014 yilga kelib uskunalar elektr simlarisiz ishlayverishi mumkin;

Amalga oshdimi? Bugun hayotimizdagi aksariyat uskunalar zaryad bilan ishlash holatiga o‘tdi. Demak, yozuvchining bu bashoratida ham jon bor.

4-bashorat: “Robo-miyali” mashinalar yaratish ishiga insoniyat juda katta kuch sarflaydi;

Amalga oshdimi? O‘zini-o‘zi boshqarish darajasidagi texnologiyalar bir necha yillardan beri olimlarning e'tiborida. Bu sohaga yirik sarmoyalar ajratilmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishi ehtimoli katta.

5-bashorat: Insonlarning diqqatini Yer yuzida harakatlanuvchi transportlar emas, boshqa turdagi, Yer bilan minimal aloqadagi transportlar tortadi;

Amalga oshdimi? Olim balki qanaqadir uchar mashinayu, “Kelajakka qaytib” filmidagidek “uchar taxtachalar”ni nazarda tutgandir. Bir narsani aytish mumkin. Bu bashorat amalga oshishi uchun hali vaqt kerak. Bashorat amalga oshgan taqdirda ham faqat o‘ta rivojlangan davlatlar bundan bahramand bo‘lishi turgan gap.

6-bashorat: Shahar markazlarida qisqa masofalarga harakatlanuvchi trotuarlar paydo bo‘ladi;

Amalga oshdimi? Eskalatorsifat texnologiyani yaratish hozirgi davr uchun cho‘t emas. Ammo ehtiyoj bo‘lmasa, yaratib nima qilishadi? Olim aytgan texnologiya biz uchun imkonsiz emas, balki keraksiz ixtirodir. Bu texnologiyaning o‘rnini bosa oluvchi o‘nlab muqobil variantlar bor.

7-bashorat: 2014 yilga qadar uchuvchisiz havo kemalari Marsga yetib borishadi. Shu yilga kelib esa Marsning qanday ko‘rinishda ekanligini bilib olamiz;

Amalga oshdimi? Olim-yozuvchining yana bir haqiqatga aylangan bashorati. 50 yillik davr haqida bashorat qilingan bir paytda bir-ikki yilga adashish hech gap emas. Muhimi insoniyat Mars sayyorasini zabt etishga kirishdi va olim haq!

8-bashorat: 2014 yilda o‘tkaziluvchi Butunjahon ko‘rgazmasida balet chiqishlarini namoyish etayotgan to‘liq hajmdagi 3D televizorlar paydo bo‘ladi;

Amalga oshdimi? Olim uch o‘lchamli texnologiyalar paydo bo‘lish davrini ham deyarli aniq bashorat qilgan.

9-bashorat: 2014 yilda robotlar bor bo‘lishi aniq. Ammo ular juda ko‘payib ketishmaydi. Bundan tashqari, ular o‘sha paytda juda yaxshi rivojlangan bo‘lishiga ham ishonish qiyin;

Amalga oshdimi? Olimning bu bashoratini amalga oshdi, deb hisoblayman. Juda mukammal robotlar yaratilgan bo‘lishi mumkin. Ammo ular hayotimizdan chuqur joy olishmadi. Ularning hamma joyda tarqalib ketishi esa yaqin ellik yillikda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan faraz degan bo‘lardim.

10-bashorat: Yer atrofida aylanib yuruvchi yo‘ldoshlarimiz insonlarga Yerning istalgan nuqtasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilish imkonini beradi;
Amalga oshdimi? ShUNChAKI HA!

Xulosa shuki, olim-yozuvchining farazlaridan hammasi ham amalga oshmadi. Lekin 50 yil keyingi hayotning ba'zi qirralarini oldindan aniq ayta olishning o‘zi mushkul.

Fikrimizcha, Azimov bashorat qilishda qandaydir ilohiy qobiliyatga tayanmagan. U ilm-fan odami, texnologik taraqqiyot insoniyatga nimalar berishini oldindan bilishi bu tabiiy hol. Haqiqat shuki, insoniyat u aytgan yuksalishlardan bir nechtasiga erishib bo‘ldi. Biz uchun qiziq masala endi boshqa: INSONIYaTNI 50 YILDAN SO‘NG NIMALAR KUTIB TURIBDI?

Yorqin kelajakka ishoning! Omon bo‘ling, aziz o‘quvchi!
Bahodir Anorov tayyorladi.