O‘zbekiston | 15:21 / 18.03.2016
19891
3 daqiqa o‘qiladi

Notarius huzurida: Uy-joy ijara shartnomasini tuzishda qanday hujjatlar talab etiladi?

Uy-joy ijara shartnomasini tuzishda qanday hujjatlar talab etilishi mavzusi bo‘yicha eng ko‘p uchraydigan savollarga Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi 11-son davlat notarial idorasi notariusi Rahimaxon Jo‘rayeva javob berdi. Bu haqda “Bekajon” nashri yozgan.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

- Uyning hujjati;
- Uy egasining pasporti;
- Uy egasining STIR (Soliq to‘lovchining identifikatsion) raqami;
- Nikoh davomida olingan mulk bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ining pasport nusxasi, notarial roziligi, nikoh haqidagi guvohnomasi;
- Ijaraga beriluvchi uyda nechta odam ro‘yxatga turishini aniqlashtiruvchi (17-forma) hujjat;
- Mahalladan ma'lumotnoma;
- Ijaraga oluvchilarning pasport nusxalari hamda STIRni tasdiqlovchi hujjati;
- Ba'zi hollarda ijaraga oluvchining ij joyidan ma'lumotnoma.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddati tugasa nima qilinadi?

Agar ijaraga oluvchi o‘sha xonadonda yashashni davom ettirmoqchi bo‘lsa, avvalgi shartnomaga qo‘shimcha kelishuv tuziladi. Bunda yuqoridagi hujjatlarning barchasi yig‘ilmaydi, balki uy egasi va ijaraga oluvchining o‘zlari hamda ularning pasportlari kerak bo‘ladi. Qo‘shimcha muddati tugab, ijaraga oluvchi yana yashashda davom etmoqchi bo‘lsa, u holda uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yangitdan tuzilishi kerak. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi.

Shartnomaga ijaraga oluvchining yangi oila a'zolarini kiritish mumkinmi?

Uy-joyni ijaraga oluvchi, shuningdek, uning oila a'zolari boshqa fuqarolarni oila a'zosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunday vaziyat yuzaga kelsa, ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi bilan notariusga borib, yangi oila a'zolarining hujjatlarini ilova qilgan holda sharnomaga qo‘shimcha tarzda kiritiladi. Faqat bunda qonun hujjatlarining jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilishi shart.