Nemis razvedkasi Yevropa kurortlarida teraktlar sodir etilishi ehtimolidan ogohlantirmoqda
IShIDning xudkush terrorchilari Yevropaning mashhur kurortlarida qo‘poruvchiliklarni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Italyan maxsus xizmatlari nemis razvedkasiga shu kabi ma'lumotlarni taqdim etgan. Bu haqda Bild tabloidining 19 apreldagi sonida e'lon qilingan.
OAV xabariga ko‘ra, Fransiya va Ispaniya (Kosta-del-Sol) janubidagi cho‘milish havzalari shuningdek, Italiyaning ikki sohilidagi kurortlar xavf ostida qolmoqda.
Terrorchilar bu borada allaqachon reja ishlab chiqishgani aytilgan. Unga ko‘ra, jinoyatchilar dam olish maskanlariga qochqinlar, yegulik, ichimlik va suvenir sotuvchilar ko‘rinishida kirib kelishlari mumkin.
Ular o‘qotar qurol va portlovchi moslamalardan hujum uyushtirishlari ehtimoli mavjud.
Nashrning yozishicha, kelib chiqishi senegallik bo‘lganlar "Boko Haram" a'zosi sifatida jinoyatlarni sodir etishi mumkin. Ma'lumki, «Boko Haram» o‘tgan yilning aprel oyida IShID tarkibiga kirganini e'lon qilib, nomini ham "IShIDning g‘arbiy provinsiyasi" deya o‘zgartirgan edi.
Senegalning Sali Sek Poay shahri politsiya rahbarining fikricha, yangi xurujlarda, shu paytga qadar ekstremistik tashkilotlarga sodiqligini isbotlamagan afrikaliklar xizmatidan foydalaniladi.
«Ular Italiya va YeIning boshqa mamlakatlariga tez-tez safar qilib turadigan kishilar bo‘lishi mumkin. Ularning viza va hujjatlari joyida. Ular noqonuniy kishilar emas, balki o‘z biznesiga ega odamlardir. Ayni shu ularni ancha xavfli qiladi», — deb bayonot bergan politsiya mahkamasi rahbari.
2016 yilning mart oyida AQSh davlat departamenti jangarilar, xususan IShID a'zolari, Yevropada yangi teraktlar sodir etishga hozirlik ko‘rayotgani xususida ogohlantirgan edi. Departament ma'lumotlariga ko‘ra, yirik sport musobaqalari, teatrlar, bozorlar, aviaxizmatlar va transport tizimi terrorchilarning nishoniga aylanishi mumkin.