Jahon | 12:48 / 21.04.2016
1949
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya hukumati Arab koalitsiyasi davlatlariga qurol sotish uchun ruxsat berdi

Shveytsariya hukumati mamlakatdagi kompaniyalarga Yamanda isyonchilarga qarshi harbiy harakatlar olib borayotgan Arab koalitsiyasi uchun qurol-yarog‘ eksport qilish uchun ruxsat berdi.

Ma'lum qilinishicha, koalitsiyaga jami 178 mln frank miqdorida (185 mln dollar atrofida) qurollar va harbiy materiallar yetkazib beriladi. Shundan 106 mln franklik qismi (110 mln dollar atrofida) Saudiya Arabistoni tomonidan xarid qilinadi. Bu haqda Bernda rasman ma'lumotnoma chop etilgan.

Hukumat 50ga yaqin kompaniyaning murojaatini ko‘rib chiqqan va Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Misr, BAA qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlashni nazarda tutuvchi loyihalarga rozilik bergan.

Berndagilar bu qurollar Yamanda harbiy harakatlar o‘tkazilishida qo‘llanishini inkor etgan.

Qayd etish kerakki, Shveytsariyadan Arab koalitsiyasiga 2015 yilning mayida qurol yetkazib berilishi boshlangandi. Keyinroq, Yamandagi vaziyat tufayli bunga taqiq qo‘yilgan.

Shveytsariya o‘z yordamlari mudofaa maqsadlarida qo‘llanishini ta'kidlamoqda.

Hukumat hujum qurollari yetkazib berish bo‘yicha takliflarni rad etgan (3 mln franklik kichik kalibrli qurollar va o‘q-dori). Federal kengash 8 mingta granata va 25 mingta qo‘l granatasi eksportiga ruxsat bergan.

BMT bir necha marta Yamandagi ziddiyatlar davomida inson huquqlari buzilayotganini bildirgan. Inson huquqlari bo‘yicha BMT oliy komissari Zayd Raad al-Husayn mart oyida Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilari qurolli to‘qnashuvlar tufayli tinch aholi vakillari bo‘lgan kishilarning o‘limiga "Yamandagi nizoli tomonlardan ko‘ra 2 marta ko‘p javobgar ekani" haqida aytgandi.

Al-Kuvaytda Yaman hukumati va isyonchilar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda siyosiy jarayonlarning kelgusi holati muhokama etiladi.

Yamanda sunniylar vakili bo‘lgan prezident Abd Rabboning qonuniy hukumati va shialardan iborat isyonchi husiychilar (sobiq prezident Ali Abdulla tarafdorlari) o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar 2014 yilning avgustida boshlangan. 2015 yilning 26 martida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya qonuniy hukumatni himoya qilish uchun Yamanda harbiy amaliyotlar o‘tkazishni boshladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida harbiy harakatlar tufayli Yamanda 6,4 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 30,5 mingdan ortiq kishi majruh bo‘lgan.