AQSh Pokiston maxsus xizmatlari MRB josusini zaharlamoqchi bo‘lganini gumon qilmoqda
AQShning taxmin qilishicha, Amerika maxsus bo‘linmasi 2011 yil may oyida "Al-Qoida" guruhi yetakchisi Usoma bin Lodinni o‘ldirganidan so‘ng, Pokiston maxsus xizmatlari Islomboddagi Amerika josusini zaharlashga uringan.
Amerikaning bir necha rasmiylari The Washington Post gazetasida shu haqda ma'lum qilib, 5 yil muqaddam ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskinlashgan, Pokiston birlashgan razvedkasi esa AQSh maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganini yodga olishgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, "birinchi raqamli terrorchi" o‘ldirilganidan so‘ng 2 oy o‘tib, MRBning Pokistondagi bo‘linmasi rahbari Mark Kelton sababi hozirgacha noma'lum bo‘lgan xastalik bilan shifoxonaga tushib qolgan.
"Kasallik shunchalik sirli ediki, Keltonning o‘zi ham MRB ham uning zaharlanganini o‘ylashgan", - deyiladi gazeta saytida e'lon qilingan maqolada.
Shundan so‘ng, iste'foga chiqqan Mark Keltonning oshqozonida amaliyot o‘tkazilgach, ahvoli yaxshilangan.
Biroq "MRB hamon Keltonning to‘satdan kasal bo‘lishiga Pokiston razvedkasi tomonidan uyushtirilgan maxfiy amaliyotni taxmin qiladi".
Nashrning yozishicha, MRB Kelton voqeasiga oid aniq dalillarga ega emas, ammo "Pokison maxsus xizmatlari jurnalistlar, diplomatlar va o‘z raqiblari deb bilgan boshqa kishilarga nisbatan uyushtirilgan suiqasdlarda qo‘li borligi bir necha marotaba isbotlangan va Keltonga ham sovuq munosabatda bo‘lgan".
Aytish joizki, MRB ushbu mavzuga oid rasmiy izoh berishdan bosh tortgan. O‘z navbatida, Pokiston hukumati Kelton va boshqa amerikalik rasmiylar bildirgan taxminlarni keskin rad etgan. Pokistonning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Nadim Xotian "bu voqea aniq to‘qib chiqarilgan", - deb bayonot bergan.