Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindistonning Kashmir shtatidagi tartibsizliklarda 21 kishi halok bo‘ldi
Hindistonning shimolidagi Kashmir shtatidagi tartibsizliklarda kamida 21 kishi halok bo‘ldi, 230 dan ortiq kishi jarohat oldi. Bu haqda shtat politsiyasi ma'lum qildi.
Xavfsizlik kuchlari va "Xizb-ul-Mujahidin" ayirmachi guruhining 3 a'zosining yo‘q qilinishiga qarshi chiqayotgan mahalliy aholi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 8 iyulda boshlangandi. 9 iyulda politsiya bo‘limiga uyushtirilgan hujumdan keyin 3 nafar politsiyachi bedarak yo‘qolgandi.
Jammu va Kashmir hukumati fuqarolarning o‘limi munosabati bilan afsus bildirdi va huquq-tartibot muassasalari tomonidan vakolatlarning chegaradan chiqishi holatlarini tergov qilishga va'da berdi.
Kashmirdagi ayirmachi guruhlar 1980-yillardan beri Hindistondan mustaqil bo‘lish uchun qurolli kurash olib boradi. Hindiston hukumati jangarilarni qurol-aslaha bilan ta'minlashda Pokistonni ayblab keladi, Pokiston esa bu ayblovlarni rad etib keladi.