Jahon | 21:00 / 20.07.2016
13733
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda valyuta sotilishi cheklab qo‘yildi

Foto: rbc.ru

Gaz ekportidan olinadigan daromadlarning kamayishi sababli Turkmaniston hukumati mahalliy kompaniya va aholiga valyuta sotishni cheklab qo‘ydi, deb xabar bermoqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi. 

Anonimlik shartlari bilan agentlik bilan suhbatlashishga rozi bo‘lgan turkmanistonlik tadbirkorlardan birining aytishicha, Turkmaniston Markaziy banki mahalliy kompaniyalarga valyuta sotishni to‘liq to‘xtatib qo‘ydi. Endilikda ular xorijiy valyutani faqatgina tijorat banklarida sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu banklarning valyutalarga egalik qilishi u yoki bu darajada cheklangan.   

Suhbatdoshning aytishicha, Turkmanistonda hozir valyutani mamlakat iqtisodiyoti va uning nufuzi uchun muhim bo‘lgan loyihalarni amalga oshirayotgan kompaniyalar erkin sotib olishi mumkin. Ularga, birinchi navbatda, TAPI gaz quvuri, 2017 yilda Ashxobodda o‘tadigan yopiq inshootlarda Osiyo o‘yinlari uchun infratuzilmalar qurish bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar kiradi.     

Boshqalarning esa valyutani sotib olishga deyarli imkoni yo‘q. 2016 yil yanvarda yuridik shaxslar tomonidan xorijiy valyutani sotib olish 10 ming dollar bilan cheklangandi. Biroq bir tadbirkorning aytishicha, u 10 ming dollar o‘rniga faqatgina 500 dollar xarid qila olgan.

Aholiga valyuta sotish ham cheklangan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslar ularning oylik maoshlaridan oshmaydigan miqdorda dollar va yevro sotib olishlari mumkin. Turkmanistonda minimal oylik ish haqi 590 turkman manati – rasmiy kurs bo‘yicha 168,5 dollarni tashkil qiladi. "Men xorijga bormoqchi bo‘lganimda, barcha yaqinlarim va do‘stlarimdan valyuta sotib olishda yordam so‘rab yurishimga to‘g‘ri keladi. Biroq bankim dekabrda bergan arizamni hali ham to‘liq bajarmadi", deb aytmoqda agentlik suhbatdoshi. 

2016 yil iyundan boshlab xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari faqat manatlarda beriladi.

Dollarning Turkmaniston Markaziy banki tomonidan o‘rnatilgan rasmiy kursi bir dollarga 3,5 manatni tashkil qiladi. Biroq qora bozorda dollarning narxi 5,5-6 manatni tashkil qilmoqda.

2015 yilda Turkmanistonning eksportidan oladigan daromadi 38,5 foizga, "Gazprom"ning turkman gazini sotib olishdan voz kechishi oqibatida esa 2016 yilning 1-choragida 41,5 foizga tushib ketdi.