“Kamolot” YoIH Namangan viloyati kengashining hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Namangan viloyati kengashining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘tgan hisobot davrida davra suhbati, uchrashuv-muloqot, ko‘rik-tanlov, seminar-trening, mehnat yarmarkasi, festivallar kabi tadbirlar va sport musobaqalariga 600 mingga yaqin yigit-qiz jalb etilgan.
“Siz qonunni bilasizmi?”, “Biz, yoshlar jinoyatchilikka qarshimiz”, “Shunqorlar”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Kamalak yulduzlari”, “Yil talabasi”, “Kamolot shaxmat taxtasi” intellektual, targ‘ibot va sport tadbirlari ko‘plab yoshlarning iste'dodi, orzu-intilishini ro‘yobga chiqarmoqda. Hisobot davrida 12 nafar yosh tadbirkorning loyihalari “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovining mamlakat bosqichida g‘olib chiqib, tijorat banklarining 200 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit mablag‘i bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma'naviy va jismoniy kamol toptirishga qaratilgan “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining mamlakat bosqichida Uchqo‘rg‘on pedagogika kollejining “O‘zbegim o‘g‘lonlari”, Namangan qurilish va dizayn kollejining “Lochinlar” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyat yoshlaridan Kumush Xo‘jayeva va Gulira'no Vaqqosova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Uch nafar “Kamolot” faoli “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan, ikki nafari esa davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Norin tumanida Yoshlar markazi barpo etildi. To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Uychi tumanlarida 96 xonadondan iborat “Kamolot” uylari bunyod etilib, yosh oilalarga topshirildi.
Konferentsiyada Namangan viloyati hokimi H.Bozorov so‘zga chiqdi.