Jahon | 21:26 / 31.07.2016
15041
2 daqiqa o‘qiladi

Oltoy tog‘larida "krossovkalarda" bo‘lgan 1500 yillik mumiyo topildi

Arxeologlar Oltoy tog‘larida poyafzali Adidas krossovkalarini eslatuvchi mumiyolangan ayol jasadini topishdi. Bu haqda Khovd mo‘g‘ul muzeyi vakiliga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Uning aytishicha, mumiyo yoshi 1,5 ming yil deb baholanmoqda. Jasad 2800 metrdan ko‘proq balandlikda qo‘milgan bo‘lgan va shuning uchun yaxshi saqlanib qolgan. 

"Ayolning oyog‘ida Adidas firmasining snoubord uchun mo‘ljallangan oyoq kiyimiga juda o‘xshash poyafzal bo‘lgan. Jasad oldida boshqa buyumlar – kiyim, yugan, qo‘y kallasi, boshqa hayvonlar suyaklari ham bo‘lgan", deb aytdi muzey vakili. 

Mumiyo surati internetda paydo bo‘lgandan keyin foydalanuvchilar ayol vaqtlararo sayohat qilib yurgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan.

"Odamlar "Adidas krossovkalarini kiyib yurgan 1,5 ming yoshlik mumiyo" vaqtlararo sayohat isboti degan fikrga kelishmoqda", deb aytdi foydalanuvchilardan biri.

Arxeologlarning aytishicha, bu Mo‘g‘ulistonda topilgan va avval tegilmagan birinchi turk qabridir. Ayni vaqtda mumiyo olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Olimlar xulosa chiqarishgandan keyin mumiyo muzeyga joylashtiriladi.