Pokiston Afg‘oniston bilan chegarasida nazorat-o‘tkazuv punktini qurib bitkazdi
Pokiston Afg‘oniston bilan chegarasida "Bab-e-Pokiston" (Pokiston darvozasi) nazorat-o‘tkazuv punkti qurilishini tamomladi. Geo TV telekanalining xabar qilishicha, Torxam dovonida barpo etilgan inshoot, afg‘on-pokiston chegarasi xavfsizligini yanada kuchaytiradi va Afg‘oniston hududidan kirib kelayotgan jinoyatchilar, qochoqlar va jangarilar sonini keskin kamaytirishga yordam beradi.
Aytish joizki, Pokiston hukumati tomonidan chegaraning ushbu hududida bunday choralar ko‘rilishi Afg‘onistonning noroziligiga sabab bo‘ldi. Rasmiy Kobul, qo‘shnisini "afg‘on hududi ustidan nazorat o‘rnatish"da aybladi. Qurilish ishlari chog‘ida, ikki davlat chegarachilari o‘rtasida bir necha bor otishmalar ham yuz berdi.
Pokiston tomoni, barcha muhandislik ishlari faqatgina o‘z hududida amalga oshirilayotganini ta'kidlagan.