Light | 10:53 / 12.08.2016
25491
6 daqiqa o‘qiladi

Aql ishlatishni talab qiluvchi o‘yinlarning tengsiz ustalari

 "Sportchi" deganda kishilar ko‘z o‘ngida qanday inson gavdalanadi? U qadar o‘tkir aql sohibi bo‘lmagan  mustahkam mushaklar...biroq intellektual qobiliyatlar tashqi ko‘rinishdan ko‘proq diqqatni tortishini hamma ham anglab yetavermaydi.

Keling, sportning intellektual turlari haqida so‘z yuritamiz. Intellektual sport musobaqalarida kishilar hisoblar bo‘yicha bellashadilar. Bugun to‘xtalib o‘tadigan sportchilarimiz inson uchun eng asosiy muskul - miyani mustahkamlashadi. 

Shaxmat bo‘yicha chempion

Shaxmat - ikki raqib uchun 64 katakli taxtada maxsus shakllarni jamlagan mantiqiy stol o‘yini bo‘lib, u san'at, ilm-fan va sport elementlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan. O‘yin nomi fors tilidan kelib chiqqan: "Shax mat" so‘zma-so‘z tarjima qilganda - "shox o‘ldi", degan ma'noni anglatadi.

Sven Magnus En Karlsen — Elo reytingining 2 700 va 2 800 punktni bosib o‘tgan, FIDening rasmiy reytingini 19 yoshda boshqargan eng yosh shaxmatchi. 2013 yilning fevral oyidan - Elo reytingi tarixida eng yuqori cho‘qqini (2872 punkt) zabt etgan sportchi. Magnus Gari Kasparovning 13 yil davomida saqlab kelgan 2851 punkt natijasidan o‘zib ketib, rekord o‘rnatdi.

2014 yilning may oyida reytingning mutloq cho‘qqisiga chiqdi - 2882 punkt. 2013 yilda Time jurnali Magnusni "Titanlar" tasnifida "Jahonning eng nufuzli 100 kishisi" ro‘yxatiga kiritdi. 

Shashka bo‘yicha chempion

Shashka - oq va qora donachalar bilan o‘ynaladigan stol o‘yini. Partiya paytida har bir o‘yinchining o‘ziga tegishli rangdagi shashkalari bo‘ladi. O‘yin maqsadi - shashkalar yo‘lini to‘sish yoki ularni yutib olish orqali raqibga yo‘l qoldirmaslik.

Aleksandr Georgiyev — rossiyalik shashka ustasi, to‘qqiz karra jahon chempioni, uch karra Yevropa chempioni. Xalqaro grossmeyster. 

Aleksandr Georgiyev Aleksandr Leman bilan hamkorlikda Leman-Georgiyev turnirlarini o‘tkazish tizimini ishlab chiqqan. 

Go bo‘yicha chempion

Go — Sharqiy Osiyoning qadimiy mantiqiy o‘yini. Ikki o‘yinchidan har biri o‘ziga tegishli rangdagi toshlar bilan imkon qadar katta hajmdagi hududni chegaralashi kerak bo‘ladi. 

Li Sedol — go bo‘yicha 9-dan koreys professionali, 2010 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarida go bo‘yicha jamoaviy o‘yin g‘olibi. Li Sedol 1996 yil 13 yoshida 1-dan professionali nomini olgan. 2002 yilda u o‘zining ilk xalqaro  mukofotini qo‘lga kiritgan. 2010 yilning 4 iyunida esa u turnirlardagi 800-g‘alabasini qozongan. 

2016 yilning mart oyida Li Sedol Google DeepMind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan AlphaGo kompyuter dasturiga qarshi o‘ynagan va besh partiyadan birida g‘olib bo‘lgan. 

Rubik kubigini yig‘ish va boshqotirmalarni yechish bo‘yicha chempion

Rubik kubigi - 1974 yilda vengriyalik haykaltarosh va me'morchilik muallimi Erne Rubik tomonidan ixtiro qilingan (va 1975 yilda patentlangan) mexanik boshqotirma.

Feliks Zemdegs — Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha joriy rekord sohibi va boshqa ko‘plab boshqotirmalarning yetakchi yig‘uvchisi. U 44 marta jahon rekordini o‘rnatgan. U 2008 yilda 12 yoshida boshqotirmalarni yechishni boshlagan va atigi 71 kundan keyin uning o‘rtacha yig‘ish vaqti 20 soniyadan kamroqni tashkil qildi. 2010 yilning 30 yanvarida u insonlar orasida birinchi marta 9,21 natija bilan rasman sub-10 (10 soniyadan kam) darajasiga ko‘tarildi. 

U Rubik kubigini tezlikka yig‘ishda haqiqiy inqilob sodir etdi. Feliksning navbatdagi rekordidan so‘ng sobiq chempion Erik Akkersdeyk u haqida shunday degan: "Men jahon rekordlarining yangi tasniflarini yaratishni taklif qilaman, biri Feliksning aql bovar qilmas natijalari uchun maxsus va biri oddiy odamlar uchun. Agar shunday qilinmasa...men ketaman".

Counter-Strike bo‘yicha chempion

Counter-Strike — dastlab Half-Life o‘yini modifikatsiyasi sifatida ishlab chiqilgan kompyuter o‘yinlari seriyasi. O‘yinning asosiy g‘oyasi - ikki jamoa - terrorchilar va kontr-terrorchilar qarshiligi. Maqsad - karta vazifasini bajarish yoki raqiblarni yo‘q qilish.

Daniil Teslenko — Zeus laqabi bilan tanilgan ukrainalik kibersportchi. Counter-Strike professional o‘yinchisi. Natus Vincere jamoasi o‘yinchisi. Counter-Strike  tarixidagi eng yaxshi kapitanlardan biri hisoblanadi. Jamoasining 7 sovriniga qo‘shimcha ravishda u yana bir shaxsiy mukofotni qo‘lga kiritgan - Arbalet Cup Asia'ning eng yaxshi o‘yinchisi. Shu bilan birga Arbalet Cup Best of Four'da eng yaxshi frager bo‘lgan. Daniil o‘yinda strategik fikrlashni qo‘llaydi, voqealar rivojini oldindan aytib, jamoalari harakatlarini to‘g‘ri yo‘naltiradi.