Jamiyat | 17:31 / 17.08.2016
6986
2 daqiqa o‘qiladi

«Kursk» filmini suratga olish ishlari noma'lum muddatga qoldirildi

Rossiya mudofaa vazirligi «Kursk» atom suvosti kemasining halokati haqida hikoya qiluvchi kinokartinani suratga olish uchun Lyuk Besson kinostudiyasiga harbiy inshootlardan foydalanishga ruxsat bermadi. Suratga olish ishlarini sentabr oyida boshlash rejalashtirilgan edi. Endilikda, u noma'lum muddatga qoldirildi, deb xabar qilgan The Hollywood Reporter.

«Bizga hozircha ruxsat berishmadi. Har holda ularning bundan ham muhimroq ishlari borga o‘xshaydi», — degan film prodyuseri Andrey Sigl. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish jarayonini boshqa joyga ko‘chirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shunga ko‘ra, film jamoasi Rossiya hukumatining izn berishiga ishonmoqda. 

«Kursk» atom suvosti kemasi 2000-yil 12-avgustida Rossiya Shimoliy flotining Barents dengizidagi harbiy o‘quv mashg‘ulotlari chog‘ida halokatga uchragan edi. Uning bortidagi barcha ekipaj a'zolari, 118 nafar harbiy dengizchi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid