Jamiyat | 11:31 / 23.08.2016
11381
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada dunyodagi eng yirik qora tryufel topildi

Avstraliyaning Viktoriya shtatida tryufel yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer Styuart Danbar (Stuart Dunbar)ning aytishicha, u topgan qora tryufelning vazni 1.511 kg bo‘lib, 2012 yili Fransiyada kovlab olingan 1.277 kglik qo‘ziqorindan og‘ir bo‘lgani bois, yangi jahon rekordini o‘rnatgan. 

Styuart, tryufelning ko‘tara narxi 2,200 AQSh dollari atrofida bo‘lganiga qaramay, uni sotish niyati yo‘qligini ta'kidlagan. 

"Men uni tuzlayman va saqlab qo‘yaman", - degan Danbar Melburn radiosiga bergan intervyusida. 

Uning aytishicha, qo‘ziqorin ziravorlik xususiyati va o‘ziga xos o‘tkir hidi, bundan tashqari tanqisligi bilan qadrli hisoblanadi. 

"Agar siz taomingizga 3-5 gramm tryufeldan solsangiz, ajoyib ovqatni tanovul qilasiz", - deydi fermer. 

Danbarning maxsus o‘rgatilgan iti qo‘ziqorinni topganida, Danbar Melburndan 60 kmlar sharqda joylashgan dalasida tryufellarini iliq havodan saqlash choralarini ko‘rayotgan bo‘lgan. 

Qora tryufel, oq tryufeldan so‘ng, dunyodagi eng qimmat qo‘ziqorin hisoblanadi. 

Fermerning aytishicha, u bu yil juda ko‘p shunday yirik tryufellarni kovlab olgan. Albatta, bunda uning barcha sharoitlarni ta'minlagani asos bo‘lgan. 

"Fikrimcha, bunga mahsulot yetishtirishda e'tiborimni tabiiy jarayonlarga qaratganim sabab bo‘ldi. Men pestitsid va herbitsidlardan umuman foydalanmadim", -deb ta'kidlagan fermer. 

Bir paytlar qimmatbaho toshlar mutaxassisi bo‘lgan Danbar, tryufel qo‘shilgan kartoshkali taomni tanovul qilgach, ushbu qo‘ziqorinni yetishtirish bilan shug‘ullanishni boshlagan. 
 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid