Jamiyat | 12:32 / 14.09.2016
19042
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 130dan ortgan

Toshkentda O‘zbekiston respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. 

O‘zbekiston respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov rahnamoligida istiqlolning ilk yillaridan mamlakatimizda farmatsevtika sanoatiga asos solindi. Bugungi kunda bu yo‘nalishda bir yuz o‘ttizdan ko‘proq korxona faoliyat yuritmoqda. 

Farmatsevtika sanoati rivojida ilm-fan taraqqiyoti muhim o‘rin tutmoqda. Keyingi yillarda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar asosida o‘n besh nomdagi dorivor substansiyalar, jumladan, 10 original dori vositasi yaratilib, ishlab chiqarilmoqda. 

O‘zbekistonda dori-darmon sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimi yaratilgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi tizimidagi laboratoriyalar jahon miqyosidagi eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangani dori sifatini mukammal nazorat qilish, aholini sifatli dori-darmon bilan ta'minlashda muhim omil bo‘lmoqda. 

2016 yil 4 yanvarda kuchga kirgan «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonun sohadagi islohotlarni chuqurlashtirishda muhim dasturilamal hisoblanadi. 

Mazkur qonun talablarini o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish va sifatni nazorat qilish tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni bilan hamkorlikda keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, import o‘rnini qoplash maqsadida chetdan keltirilayotgan bir qator zamonaviy shifo vositalarini yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ilmiy-amaliy ishlar kengaytirilmoqda. 

Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan «Dentafil» korxonasi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biridir. 2007 yilda o‘z faoliyatini boshlagan korxonada bugungi kunda bir yuz ellik turga yaqin dori-darmon va tibbiyot buyumi tayyorlanmoqda. Yaqinda korxonada Shveytsariyada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiya asosida ishlaydigan tizim ishga tushirildi. Buning natijasida ko‘zga tomchilaydigan dori va boshqa shifo vositalari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

– 2-respublika tibbiyot kollejini tugatib, mazkur korxonaning suyuq eritma tayyorlash sexida ishlamoqdaman, – deydi Orifjon Oripov. – Korxonamiz jahon ilm-fani va farmatsevtika sanoatining eng so‘nggi yutuqlari asosida jihozlangan. Bu ilg‘or texnologiyalarni mahorat bilan boshqarishimizda kollejda olgan bilimimiz, xorijiy tillarni o‘zlashtirganimiz qo‘l kelmoqda. 

Bugungi kunda butun dunyoda aholining tabiiy giyohlar asosida tayyorlangan dori-darmon va biologik faol qo‘shimchalarga ehtiyoji ortmoqda. Aholining ana shunday ehtiyojidan kelib chiqib, yurtimizda ham dorivor giyohlar ishlab chiqarish sohasi yildan-yilga rivojlanmoqda. 2015 yilda o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha ko‘plab yangi korxonalar tashkil etilib, 159 turda dori vositasi, 56 turda biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. 

Bu chora-tadbirlar import o‘rnini qoplash, eksportni rivojlantirish, farmatsevtika bozorida narx-navo mutanosibligini ta'minlash, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish omili bo‘lmoqda.

Mavzuga oid