Texnologiya | 23:28 / 19.09.2016
5074
2 daqiqa o‘qiladi

Amsterdamda haydovchisiz katerlar paydo bo‘ladi

Gollandiyalik olimlar 19 sentabrda haydovchisiz katerlar imkoniyatini o‘rganishga qaratilgan 5 yillik tadqiqot dasturini taqdim qildilar.

Deyarli to‘rtdan bir qismiga suv bilan qoplangan Amsterdamda haydovchisiz mashinalar bilan qiziqishmaydi. Biroq robot-katerlar Gollandiya poytaxti uchun anchagina istiqbolli transport turi hisoblanadi, deb ta'kidlamoqda The Verge.

Roboat deb nomlangan tadqiqot dasturi AQShning Massachusets texnologik instituti va ikkita golland universiteti olimlari tomonidan olib borilmoqda. Dasturning narxi 25 mln yevroni tashkil qiladi. Olimlar haydovchisiz kater prototipini 2017 yilda namoyish qilishga va'da bermoqdalar.

Bunday suzuvchi transport vositalari nafaqat taksi va yuk kemalari sifatida, balki tig‘iz vaqtda mobil ko‘priklar sifatida ham xizmat qilishi mumkin.

"Bir necha soat ichida yig‘ib-bo‘laklanadigan ko‘priklar kabi shaharning harakatchan suzuvchi infratuzilmasini yaratish haqida o‘ylash lozim", deb aytdi tadqiqot dasturi rahbari Karlo Ratti.

Tadqiqotchilarning fikricha, haydovchisiz katerlar, shuningdek, Amsterdamdagi suv va havo sifati haqidagi ma'lumotlarni olishga va yiliga taxminan 12 ming velosiped tashlanadigan kanallarni tozalashda asqatishi mumkin.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid